Eng yuksak insoniy qadriyatlar qomusi

1992-yil 8-dekabr kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimizning, davlatimizning dunyodagi mavqei, istiqbolini huquqiy jihatdan mustahkamlagan va kafolatlagan muhim hujjat bo‘ldi.

O‘zA muxbiri Asosiy qonunimiz mohiyati va ahamiyati haqida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov bilan suhbatlashdi.

– Mirzo-Ulug‘bek Elchievich, mamlakatimiz Konstitutsiyasining yaratilishi va uning tarixiy ahamiyati haqida so‘zlab bersangiz.

– Davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan qomusnoma – bu Konstitutsiyadir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bu e’tirofi bugun Asosiy qonunimizga berilgan oddiy ta’rif emas, balki O‘zbekistonning kelajagi, jahon miqyosida tutgan o‘rni mustahkamlanib borishiga oid bashorati kabi jaranglaydi.

Darhaqiqat, davlat o‘z huquqiy hujjati – Konstitutsiyasi bilan dunyo sahniga qadam qo‘yadi. Shu jihatdan har tomonlama mukammal va xalqaro standartlar talablariga to‘liq javob beradigan Asosiy qonunimizning yaratilishi xalqimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘lishi bilan birga, ulug‘ maqsadlar sari sobit qadam tashlashida mustahkam huquqiy zamin bo‘ldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida qayd etganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasidir.

Shu o‘rinda Konstitutsiyamizning yaratilishi tarixiga bir nazar tashlasak. 90-yillar xalqimiz uchun qanday og‘ir sinovlar davri bo‘lgani bugun sir emas. Lekin shunday murakkab bir davrda xalqimizning asriy orzusi bo‘lgan mustaqillik sari, uning huquqiy asoslarini yaratish va mustahkamlash yo‘lida dadil qadamlar qo‘yilgan.

1990-yil 20-iyun kuni Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilish jarayonida O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasini yaratish taklifi ilgari surildi. Shu maqsadda Konstitutsiya komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislarni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.

Adliya vazirligi bu borada ishchi organ etib belgilandi. O‘sha vaqtda mazkur tashkilot rahbaridan biri sifatida Konstitutsiyaning dunyoga kelishi bilan bog‘liq ko‘pchilik jarayonlarda vazirlik xodimlari bilan birga ishtirok etganmiz.

Konstitutsiya – qonunlarga asos bo‘luvchi, davlatning huquqiy maqomini belgilovchi muhim hujjatligi bois uni yaratish oson kechmagan. Boz ustiga o‘sha davrda bizda qonunchilik bilan shug‘ullanuvchi institutlar bo‘lmagan, alohida tajriba hali shakllanmagan edi.

Shu boisdan har tomonlama yetuk, akademik bilimlarni egallagan olimlar, amaliyotchilar tajribasi asqotgan, desak xato bo‘lmaydi. O‘sha vaqtda ko‘zga ko‘ringan, yirik huquqshunos olimlar Shavkat O‘razayev, Anvar A’zamxo‘jayev, Hojiakbar Rahmonqulov va boshqalar butun tajribasi, salohiyatini ishga solgan holda ilk loyihani tayorlashda jonbozlik ko‘rsatgan.

Jahon tajribasini, demokratiya va eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni sinchiklab o‘rganish bilan bir qatorda milliy davlatchiligimizning ko‘p asrlik tarixi, xalqimizning o‘ziga xosligiga alohida e’tibor qaratilgan holda komissiya tomonidan ikki yildan ortiq vaqt mobaynida Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi.

Mazkur loyiha hamda rivojlangan davlatlar konstitutsiyalari normalari yonma-yon o‘rin olgan katta tarx Birinchi Prezidentimiz huzurida taqdim qilinar edi. Sinchiklab o‘rganish va boshqa davlatlar tajribasiga nazar solgan holda, u kishi har safar o‘z qo‘li bilan loyihaga o‘zgartirishlar kiritardi, fikrlarini bildirardi. Shu yaxlit loyiha qayta-qayta ishlandi. Nihoyat, Konstitutsiya loyihasi 1992-yil 8-sentabrda umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilindi.

Muhokama jarayonida xalqimiz faol ishtirok etdi. Adliya vazirligi olimlar, deputatlar va mutaxassislar ishtirokida loyihada aks etgan tamoyillar mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali aholiga tushuntirib bordi.

Konstitutsiya loyihasi muhokama jarayonida bildirilgan takliflar asosida yanada takomillashtirildi. Muhimi, bu uning keng jamoatchilik ekspertizasidan o‘tishini ta’minladi.

1992-yil 8-dekabr kuni Bosh qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8 dekabr – umumxalq bayrami, deb e’lon qilindi.

Konstitutsiyaning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizning barcha sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy tizimni tashkil etdi.

Konstitutsiya yaratilishi va qabul qilingunigacha bo‘lgan barcha jarayonlarda Birinchi Prezidentimizning doimiy e’tibori, fikr-mulohazalari, talabchanligi alohida o‘rin tutdi. Shuning uchun ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida qayd etganidek, Islom Karimovni haqli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muallifi, deb e’tirof etish uchun barcha asoslarga egamiz.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil yil 20-iyun kuni «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi qabul qilingani Asosiy qonunimizga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasidir. Shu asosda amalga oshirilayotgan ishlar aholi va yoshlarning nafaqat huquqiy ongini oshirish, balki ularda vatanparvarlik tuyg‘usi yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

– Inson va uning qadr-qimmatiga oid tamoyillar qomusimizda markaziy o‘rinni egallaganining boisi nimada?

– Darhaqiqat, Bosh qomusimizning muhim g‘oyasi – bu hayot gultoji bo‘lgan insonni qadrlashga, uning manfaatlarini muhofazalashga qaratilgan. Bu davlatimiz siyosatida insonparvarlik prinsipi ustuvorligining yaqqol namunasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki mustaqillikkacha bo‘lgan davrda, ya’ni sobiq tuzumda davlat manfaatlari barcha narsadan ustun qo‘yilganini yodga olsak, bugungi maqsad-muddaolarimiz ezguligi, Konstitutsiyamiz esa eng yuksak insoniy qadriyatlar mujassamlashgan xalqchil qomus ekanligi oydinlashadi.

Asosiy qonunimizda e’tirof etilganidek, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.

Ushbu konstitutsiyaviy tamoyillar va ularning amalda ta’minlanayotgani tufayli yurtimizda har bir inson o‘zini himoyalangan his etadi. Tinch va farovon hayot kechirmoqda. Aholining o‘z muammo va tashvishlari bilan davlat organlariga murojaat etishi uchun imkoniyatlar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida yanada kengaydi.

Prezidentimiz ilgari surgan xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyil amalda o‘z ifodasini topayotir. Aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tildi. Bu nafaqat xalqimiz tomonidan, balki xalqaro miqyosda ham e’tirofga sazovor bo‘layotgani diqqatga sazovor.

– Saylov tizimining konstitutsiyaviy asoslari, fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari hayotda qanday aks etmoqda?

– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi milliy saylov tizimining faoliyat yuritishi va jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini demokratik rivojlantirishda, shubhasiz, asosiy hujjat bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ushbu sohada qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlarda adolatlilik, ochiqlik, oshkoralik va transparentlik prinsiplari ustuvor. Shu asosda saylov jarayonida fuqarolarning saylov huquqlariga so‘zsiz rioya etish, saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar, deputatlikka, Prezidentlikka nomzod ko‘rsatadigan siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylov kampaniyasi davomida keng va teng imkoniyatlar yaratib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hokimiyat organlarining hech qanday aralashuvisiz saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishni ta’minlaydigan, davlat hokimiyati tizimida alohida o‘rin tutgan konstitutsiyaviy organ maqomiga ega. U o‘z faoliyatini mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik, adolatlilik prinsiplari asosida olib boradi.

Milliy qonunchiligimizda Markaziy saylov komissiyasi rahbarligida saylovlarning qonun talablariga muvofiq ravishda tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlaydigan hamda faqat qonunga bo‘ysunadigan mustaqil saylov komissiyalari haqidagi me’yor mustahkamlab qo‘yilgani saylov tizimining eng muhim xususiyatidir.

Bosh qomusimizning ko‘plab boshqa mamlakatlar Konstitutsiyalaridan farqli o‘laroq o‘ziga xos xususiyatini ko‘rsatuvchi asosiy jihatlardan biri – bu unda saylov tizimiga bag‘ishlangan maxsus bob ajratilganidir.

Mamlakatimiz saylov qonunchiligi asosini Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro pakt va O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan va jahonda e’tirof etilgan muhim demokratik prinsiplar tashkil qiladi. Aksariyat xorijlik mustaqil ekspertlar bugungi kunda O‘zbekiston saylov qonunchiligi demokratiyaga muvofiqlik darajasi bo‘yicha dunyoning ko‘plab rivojlangan davlatlarining saylov to‘g‘risidagi qonunlaridan ustundir, deb e’tirof etmoqda.

Aytib o‘tish kerakki, 2014-yilgi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar hamda 2016-yil o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik saylov tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan o‘zgarishlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatdi.

Ayniqsa, Prezident saylovi siyosiy partiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobat va kurash, Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarini erkin muhokama qilish sharoitida hamda demokratik prinsiplarga to‘liq mos keladigan oshkoralik va ochiqlik ruhida o‘tdi.

Xalqaro kuzatuvchilar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarga yuksak baho berdi. Barcha saylov uchastkalarida saylovchilarga qulay sharoitlar yaratilganini, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, turli millat vakillari uchun saylov huquqini amalga oshirish imkoniyati yuqori darajada tashkil qilinganini e’tirof etdi.

– 2017-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylovga tayyorgarlik ishlari haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

– Aytib o‘tish kerak, Prezidentimiz tomonidan 2017-yil 29-avgust kuni imzolangan “Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonun bilan Toshkent shahrining tumanlarida xalq deputatlari Kengashlariga saylovning huquqiy asoslari mustahkamlandi.

Shu asosda 2017-yil dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida, ya’ni 2017-yil 24-dekabr kuni Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining shu yil 15 sentabrda bo‘lib o‘tgan majlisida ma’lum qilindi. Mazkur majlisda qabul qilingan «Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risida»gi qaror tashkiliy asoslarni belgilab berdi.

Toshkent shahar tumanlarida xalq deputatlari Kengashlarini tuzish tumanlar darajasida mahalliy byudjetlarni, hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini qayta ko‘rib chiqish hamda qabul qilishda muhim o‘rin tutadi. Muhimi, ularning ijrosini nazorat qiladi. Kengashlar sessiyasida tumanlarda joylashgan mahalliy davlat organlari rahbarlarining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari va axborotlari tinglanadi. Shu orqali fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni o‘z vakolatlari doirasida hal etish imkoni yaratiladi.

Bu poytaxt tumanlarining rivojida muhim omil bo‘lib, jamoatchilikning Toshkent shahridagi ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlardagi ishtirokini kengaytiradi. Aholi vakillarining joylardagi mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini o‘rnatish imkonini beradi.

Toshkent shahar xalq deputatlari tuman Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ishlar joylarda tashkil etiladigan saylov komissiyalari tomonidan saylov to‘g‘rsidagi qonunchilikka, umume’tirof etilgan demokratik prinsiplar va halqaro standartlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining «Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq olib borilmoqda.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda «Elektron hukumat» tizimi doirasida 2017-yil 24-dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda huquqiy eksperiment sifatida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati axborot tizimini shakllantirish va yuritishni ta’minlash rejalashtirilmoqda. Mazkur tizim saylovda «bir saylovchi – bir ovozga ega» prinsipini ta’minlashga xizmat qiladi. Keyinchalik ushbu tizimni yanada takomillashtirish va mamlakatimiz saylov amaliyotiga tatbiq etish ko‘zda tutilgan.

Saylov komissiyalari o‘z faoliyatini mustaqil holda amalga oshiradi. Har qanday davlat organi, jamoat birlashmasi va mansabdor shaxslarning ular faoliyatiga aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Saylangan deputatlar o‘z vakolatlarini 2019-yilda yurtimizda o‘tkaziladigan mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga navbatdagi saylovgacha amalga oshiradi.

Xulosa qilib aytganda, hayotimiz qomusida mustahkamlangan tamoyillar amalga izchil tatbiq etilayotgani tufayli mamlakatimizda ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lgan huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etilmoqda. Davlatimiz xalq farovonligini, uning hayot sifatini va darajasini muttasil oshirib borish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash yo‘lida olamshumul yutuqlarga erishmoqda.

Norgul Abduraimova, O‘zA

Qiziqarli ma'lumotlar
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi davlatining konsitutsiyasi 300ga yaqin qonun hujjatlaridan iboratdir, ya'ni bu davlatda yagona konstitutsiya hujjati mavjud emas.