Konstitutsiya – inson manfaatlari kafolati
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va qator tashkilotlar hamkorligida “Konstitutsiya – davlat tayanchi” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari E.Alimov va boshqalar yurtimizda demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etishning huquqiy kafolati va mustahkam poydevori yaratilganini ta’kidladi.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini ta’minlash kabi izchil islohotlar Bosh qomusimiz asosida olib borilayotir. Yoshlar o‘z haq-huquqlarini anglashi, siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, mas’uliyat va burchlarini bilishi borasidagi ezgu sa’y-harakatlar o‘z samaralarini bermoqda. Tadbirda yoshlar buni alohida ta’kidladi.
– Biz, yoshlar uchun barcha sharoit muhayyo, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Toshkent don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatidagi yetakchilar kengashi raisi Bobur Xudoyberganov. – Ushbu tadbirda ham yoshlar ongi va qalbida sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ularini rivojlantirish, mas’uliyatini yanada oshirish, ularni me’yoriy hujjatlar bilan yaqindan tanishtirish ishlari olib borildi.
Huquqshunos olimlar yoshlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Barno Meliqulova,
O‘zA