Konstitutsiya – faxrimiz, g‘ururimiz
Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini keng nishonlashga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 20 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Konstitutsiyamiz mustaqilligimizni mustahkamlash, xalqimizning tinch-osuda, farovon hayotini ta’minlashning muhim asosidir. Uning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini keng targ‘ib etish, aholi, ayniqsa, yoshlar ongu shuurida Vatanga sadoqat, qonunlarimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilayotgan uchrashuv, davra suhbati, ochiq muloqot va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar yuksak samaralar bermoqda. “Inson huquqlari – eng oliy qadriyat”, “Inson, uning qadr-qimmati, haq-huquqi oliy qadriyat”, “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori”, “Adolat – qonun ustuvorligida”, “Konstitutsiya va ma’naviyat mushtarakligi”, “Konstitutsiya – faxrimiz, g‘ururimiz” kabi mavzularda tashkil etilayotgan tadbirlarga taniqli olimlar, huquqshunoslar, shoir-yozuvchilar, san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari jalb etilgan.
Huquqiy targ‘ibotchilar uchrashuv va tadbirlar samaradorligini ta’minlash uchun viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tayyorlangan o‘n yo‘nalishdagi targ‘ibot materiallaridan unumli foydalanmoqda. Unda Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati va huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish asoslari, fuqarolarning huquq va burchlari sodda tilda chuqur sharhlab berilgan.
Viloyatda o‘tkazilayotgan “Huquqiy savodxonlik” tadbirlari doirasida Denov tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi, “Xayrabodpaxta” aksiyadorlik jamiyati, Sho‘rchi tumanidagi "Go‘zallik", Sherobod tumanidagi "Poshxurt" fuqarolar yig‘inlari va ta’lim, tibbiyot muassasalari, korxona-tashkilot va mahallalarda tashkil etilgan tadbirlarda aholining huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
"Konstitutsiya va milliy qadriyatlarimiz" mavzusida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda hayotimizda yuz berayotgan tub o‘zgarishlar, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlarga Bosh qomusimiz huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani tushuntirilmoqda. Masalan, joriy yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani ham Asosiy qonunimiz bilan mamlakatimizda inson manfaatlarini ulug‘lashning huquqiy asosi yuksak darajada mustahkamlab qo‘yilganini keng namoyon etdi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari tashkil etilib, odamlarning dardi, o‘y-tashvishlari tinglanayotgani, muammolarni joyida hal etish choralari ko‘rilayotgani buning tasdig‘idir. Ilgari iqtisodiy qoloq hudud bo‘lgan Surxon vohasining zamonaviy sanoat taraqqiy etayotgan viloyatga aylanayotgani, qishloqlar yil sayin tanib bo‘lmas darajada obod bo‘lib, ta’lim, tibbiyot muassasalari, zamonaviy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari qurilayotgani, odamlarning turmush darajasi yuksalib borayotgani ham Bosh qomusimizda belgilab qo‘yilgan qoida va tamoyillar ustuvorligi ta’minlanayotgani isbotidir. Konstitutsiyamizning ahamiyati barcha madaniy-ma’rifiy va boshqa tadbirlarda jonli misollar vositasida tushuntirilayotgani yurtdoshlarimizda bugunidan shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini mustahkamlamoqda.
Firdavs Sharipov,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi
Surxondaryo viloyati bo‘limi rahbari.