Konstitutsiya – farovon hayotimiz poydevori

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish o‘quv kurslarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan «Konstitutsiyaviy huquqlarni amalga oshirishda mahalla fuqarolar yig‘inining o‘rni va ahamiyati» mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida hamda xalqimizning xohish-irodasi bilan qabul qilingan Bosh qomusimiz tariximiz, boy ma’naviy merosimizni tiklash, mamlakatimizda obod va farovon hayot qurish, Vatanimizni taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shishda muhim huquqiy poydevor bo‘lganligi ta’kidlandi.

Mahalla tushunchasi Konstitutsiyamizga kiritilib, uning jamiyat boshqaruvidagi maqomi qat’iy belgilab qo‘yildi. Asosiy qonunimizning 105-moddasida bu o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiyamizda shaharcha, qishloq va ovullar, shuningdek, ular tarkibidagi mahallalar hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari hisoblanishi belgilangan.

Ilmiy-amaliy anjumanda davlatimiz Asosiy qonunining yaratilishi, Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishi, uning faoliyati, o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy hayotida konstitutsiyaviy islohotlarning zarurligi va tarixiy rivojlanish bosqichlari haqida so‘z yuritildi. O‘zbekiston Konstitutsiyasining g‘oya, asosiy prinsip va qoidalari umume’tirof etilgan normalar hamda xalqimizning ming yillar davomida shakllanib kelgan qadriyatlariga mosligi, Asosiy qonunimizning mazmun-mohiyatini yoshlarga yetkazishda mahalla faollarining ham o‘rni beqiyosligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, deputatlar, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, poytaxtimizdagi mahalla fuqarolar yig‘inlari va boshqa qator tashkilotlar vakillari ishtirok etgan anjumanda konstitutsiyaviy huquqlarni amalga oshirishda mahalla fuqarolar yig‘inining o‘rni va ahamiyati bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Anjumanda Bosh qomusimiz haqida ma’ruzalar tinglandi.

Go‘zal Sattorova,

O‘zA

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.