Yangi Konstitutsiya: iste’molchi huquqlari – barqaror iqtisodiy taraqqiyot poydevori

Adiba Safarova Shuxrat qizi,O‘zbekiston RespublikasiPrezidenti huzuridagi Qonunchilikva huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi

Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi hal qiluvchi bosqichida “Inson qadri uchun” tamoyili davlat siyosatining o‘zagiga, ortga qaytmas
islohotlarning bosh mezoniga aylandi. Shu nuqtayi nazardan, mamlakatimizda kechayotgan tub demokratik yangilanishlar va konstitutsiyaviy islohotlar inson
huquqlarini ta’minlashning mutlaqo yangi standartlarini taqozo etmoqda.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan tarixiy Murojaatnomasi davlat va jamiyat hayotidagi eng muhim siyosiy voqea bo‘lish
bilan birga, bozor iqtisodiyoti sharoitida adolat va qonun ustuvorligini ta’minlashning yangi jihatlarini ochib berdi. Yurtboshimiz bugungi davr
ruhini shunday ifodaladi: «Jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan,
mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda [1].

Ushbu siyosiy-huquqiy islohotlarning mantiqiy davomi va iqtisodiy kafolati sifatida, global miqyosda va mamlakatimizda ham iste’molchilar huquqlarini himoya qilish iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bu bejiz emas, zero bozor munosabatlari chuqurlashib, raqobat kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda har bir iste’molchining manfaatlari kafolatlangani iqtisodiy o‘sish, ishlab chiqarish samaradorligi va jamiyat farovonligining muhim omiliga aylanmoqda.

Xalqaro tajriba shundan dalolat beradiki, iste’molchi manfaatlarini himoya qilish tizimi qanchalik mukammal va samarali yo‘lga qo‘yilsa, mamlakat iqtisodiyotida shunchalik shaffoflik, sog‘lom raqobat va ishonchli biznes muhiti shakllanadi. Bu esa chet el investitsiyalarini jalb etish, eksport salohiyatini oshirish va ishlab chiqaruvchilarni sifatni doimiy ravishda yaxshilashga rag‘batlantiradi.

Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda iste’molchilar huquqlarini ta’minlash nafaqat huquqiy asoslarda, balki marketing, menedjment, logistika va servis sohalarining ajralmas qismi sifatida amalga oshiriladi. Bu jarayonda mahsulot va xizmatlar sifati ustidan qat’iy nazorat, adolatli reklama, sotuvdan keyingi xizmat, shaffof narx siyosatini yuritish, tezkor murojaatlar ko‘rib chiqilishi kabi talablar jamiyat madaniyati va biznes etikasining muhim mezonlari hisoblanadi.

Xususan, UNCTADning Iste’molchilar himoyasi bo‘yicha yo‘riqnomasi ishlab chiqilgan bo‘lib, uning 5-bandida qoidalar quyidagi maqsadlarni ko‘zlashi keltirib o‘tilgan: (a) iste’molchilarning asosiy tovar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash; (b) zaif va nogironligi bo‘lgan iste’molchilarni himoya qilish; (c) iste’molchilarni ularning sog‘lig‘i va xavfsizligiga zarar keltiruvchi xavflardan himoya qilish; (d) iste’molchilarning iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish; (e) iste’molchilarga shaxsiy ehtiyoj va ohishlariga ko‘ra tanlov qilish imkoniyatini berish uchun ularni yetarli ma’lumotlarga ega bo‘lishlarini ta’minlash; (f) iste’molchilarni o‘qitish, shu jumladan atrof-muhit, iste’molchi tanlovining ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlari haqida ta’lim berish; (g) iste’molchilarni samarali nizolarni hal qilish va huquqlarni tiklash imkoniyati bilan ta’minlash; (h) iste’molchilar va boshqa tegishli guruhlar yoki tashkilotlarni tuzish erkinligi va bunday tashkilotlarning qaror qabul qilishda o‘z fikrlarini bildirish imkoniyati; (i) barqaror iste’mol shakllarini targ‘ib qilish; (j) elektron tijoratdan foydalanuvchi iste’molchilar uchun tijoratning boshqa shakllaridan kam bo‘lmagan himoya darajasini ta’minlash; (k) Iste’molchilarning maxfiyligini va global axborot erkin oqimini himoya qilish [2].

Mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan iqtisodiy-huquqiy islohotlar iste’molchi manfaatlarini himoya qilishni davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilamoqda. Bu jarayon bir nechta muhim komponentlar asosida shakllanmoqda:

1. Normativ-huquqiy bazaning yangilanishi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Konstitutsiyaning 65-moddasida davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi belgilangan. Konstitutsiya qoidalaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasining
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni takomillashtirilib borilmoqda. Unda: mahsulot va xizmatlar sifati bo‘yicha talablar qat’iylashtirilmoqda; onlayn-savdo va elektron xizmatlar sohasida iste’molchi huquqlari bo‘yicha yangi normalar kiritilmoqda; tadbirkorlar mas’uliyatining huquqiy asoslari aniq belgilab berildi [3].
Masalan, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” 2025 yil 31 iyuldagi O‘RQ-1078-son Qonuni bilan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda muhim o‘zgartirishlar kiritildi. Qonunga asosan, agar sotuvchi
tovarni shartnomada belgilangan muddatda yetkazib bermasa, u har bir kechikkan vaqt birligi (daqiqa, soat, kun) uchun ushbu tovar narxining 0,5% miqdorida penya to‘lashi shart bo‘ladi. Penyaning umumiy miqdori yetkazib berilmagan tovar narxining 100%idan oshmasligi kerak [4].
Chunki so‘nggi yillarda tovarlarni kelishilgan vaqtda yetkazib berilmasligi bo‘yicha fuqarolarning shikoyatlari keskin oshgan: 2022 yilda – 500 ta murojaat; 2023 yilda – 1 373 ta; 2024 yilda – 4 213 ta (bu 3 yil ichida 8 barobar ko‘paygan). Aksariyat shikoyatlar avtomobil, maishiy texnika va mebel kabi yuqori talabga ega tovarlarning kechiktirilgan holda yetkazib berilganligi bilan bog‘liq.

Qonunda Fuqarolik kodeksining 261-moddasiga asoslanib, neustoyka (penya) mexanizmidan foydalaniladi. Qonunning maqsadi iste’molchilar huquqlarini aniq va samarali himoya qilish, sotuvchilarni o‘z majburiyatlariga jiddiy yondoshishga majburlash, oldi-sotdi shartnomalarda adolatli munosabatlarni ta’minlash, tovar yetkazib berishda kechikishlarni oldini olishdan iborat. Bu o‘zgarishlar aholining qonuniy manfaatlarini ta’minlashda, fuqarolarning ishonchini mustahkamlashda va bozorda
adolatli raqobat muhitini yaratishda muhim qadam deb hisoblanadi. Shu o‘rinda, Murojaatnomada belgilanganidek bozorlarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha doimiy intervensiya tizimiga o‘tilishi iste’molchi huquqlarini himoya qilishning yana bir muhim iqtisodiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa nafaqat narx-navo
barqarorligini, balki taklif etilayotgan mahsulotlarning xavfsizligi va sifatini ham davlat tomonidan nazorat qilish imkonini kengaytiradi.

2. Institutsional mexanizmlarning rivojlanishi.
Jamoat tashkilotlari ishtirokida iste’molchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqishning shaffof tizimi joriy qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Raqobatni ta’minlashga ko‘maklashish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 667-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga ko‘ra, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) tomonidan “sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini amalga oshirish tartiblari belgilandi. Bu orqali tibbiy xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida qonun talablariga rioya etilishini NNTlar tomonidan xolis baholash tizimi joriy etiladi. Bu esa fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish va murojaatlarni tezkor hal qilish imkonini bermoqda.

Joriy yilning 6 oktyabr kuni qabul qilingan Prezidentning “Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–296-sonli qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan boshlab, raqamli markirovka tizimi joriy etilgan tovarlarning yaroqlilik muddati o‘tgan taqdirda ularning savdosi avtomatik ravishda cheklanadi. Shu
bilan birga, bunday tovarlar bo‘yicha nazorat-kassa apparati orqali xarid cheki chiqarilmaydi [5].

3. Raqamli iqtisodiyot sharoitidagi yangicha yondashuvlar.

Elektron tijorat ulushining ortib borishi iste’molchi huquqlarini muhofaza qilishning yangi mexanizmlarini talab etmoqda. Jumladan, bu borada O‘zbekiston Respublikasining “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, elektron tijorat sohasidagi munosabatlarning huquqiy asoslari mustahkamlandi. Kuryerlik xizmatlarini tartibga solish
maqsadida “Elektron tijoratda kuryerlik xizmati faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom (18.06.2025 yilda ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxat raqami 3631) tasdiqlandi [6].
Biroq, qayd etish lozimki, O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarining buzilishi holatlari saqlanib qolmoqda. Masalan, 2024 yilda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga iste’molchilar huquqlarining buzilishi holatlari bo‘yicha jami 30 070 ta shikoyat kelib tushgan. Unga ko‘ra, shikoyatlarning 12 906 tasi (42,9%) uy-joy, kommunal xizmatlar va transport xizmatlariga tegishli; 9 931 tasi (33%) savdo va ovqatlanish bilan bog‘liq; 6 295 tasi (20,9%) aloqa, moliyaviy va ijtimoiy xizmatlar bilan bog‘liq; va 938 tasi (3,2%) reklama bilan bog‘liq.

Ushbu shikoyatlarni o‘rganish uchun o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, 23 945 nafar iste’molchining huquqlari buzilgan bo‘lib, iste’molchilar foydasiga 32,9 mlrd so‘m miqdoridagi zarar qayta undirib berilgan [7].

Mazkur raqamlar iste’molchilar muammolarini tizimli o‘rganib borish, ularni ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish lozimligini ko‘rsatadi. Masalan, an’anaviy tijoratdan farqli o‘laroq, elektron tijorat odatda iste’molchi va sotuvchining jismonan mavjud bo‘lishini talab qilmaydi, bu ular o‘rtasidagi tijorat munosabatlarini zaiflashtiradi va
adolatsiz tijorat amaliyotlari xavfini oshiradi. Masalan, “vijdonsiz” savdogarlar onlayn muhitdagi imkoniyatlardan foydalanib, iste’molchilarni yolg‘on ma’lumotlar, tajovuzkor reklamalar yoki soxta sharhlar orqali aldashlari mumkin. Bu adolatsiz amaliyotlar iste’molchilar ishonchini yo‘qotadi va shu bilan birga xarid qilish qarorlariga ta’sir qiladi. Raqamli bozorlarda iste’molchilar ishonchini oshirish va saqlab qolish elektron tijoratni rivojlantirish uchun asosiy masala bo‘lib, bu O‘zbekiston qonunchiligida adolatsiz tijorat amaliyotlariga qarshi mexanizmlarni yanada takomillashtirish va huquqiy asoslarni mustahkamlashni taqozo etadi.

Shuningdek, onlayn tranzaksiyalarda standart shartnoma shakllari keng qo‘llanilmoqda. Bu holat sotuvchilar tomonidan elektron shartnomalarga murakkab va bir tomonlama manfaatli shartlarni kiritish ehtimolini yuzaga keltirishi mumkin. Iste’molchilar esa ko‘pincha onlayn xarid jarayonida shartnoma shartlarini o‘qib chiqishga yetarli e’tibor qaratmaydilar yoki ularning mazmunini to‘liq tushunmaydilar. Shu bois, iste’molchilarni shartnomaviy munosabatlarning nisbatan zaif tomoni sifatida adolatsiz
shartlardan himoya qilish muhim ahamiyatga ega. Mazkur vaziyat milliy qonunchiligimizda bunday shartlarni tartibga soluvchi huquqiy normalarni yanada takomillashtirish va raqamli iqtisodiyot talablariga moslashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Bundan tashqari, bugungi kunda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, xususan, imkoniyati cheklangan iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ilg‘or xorijiy tajribaga tayangan holda, alohida e’tibor talab etuvchi guruhlar — bolalar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholi uchun maxsus himoya choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiqdir.

Shuningdek, iste’molchilarning huquqiy va iqtisodiy savodxonligini oshirish, ularga o‘z tanlovlarining ekologik va ijtimoiy oqibatlarini to‘g‘ri baholashni o‘rgatishga qaratilgan
ta’lim tizimini rivojlantirishga ehtiyoj mavjud. Bundan tashqari, nizolarni hal etish jarayonini raqamlashtirish, xususan, onlayn nizolarni hal etish (ODR) tizimi imkoniyatlarini keng joriy etish orqali iste’molchilar huquqlarini tiklash samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish mumkin.

Bu esa Prezident Murojaatnomasida ilgari surilgan davlat xizmatlarini Yagona raqamli platformaga integratsiya qilish va murojaatlarni sun’iy intellekt orqali ko‘rib chiqish tashabbusi bilan hamohangdir. Iste’molchilar nizolarini hal etishda ham inson omilisiz, korrupsiya va byurokratiyadan xoli ekotizim yaratish fuqarolarning
huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiladi.

Bugungi raqamli iqtisodiyot sharoitida iste’molchilarning shaxsiy ma’lumotlari maxfiyligini ta’minlash ustuvor vazifaga aylanmoqda. Elektron tijorat platformalari to‘lovlarni amalga oshirish va tovarlarni yetkazib berish uchun shaxsiy ma’lumotlarga tayanishi tabiiy holdir. Shu bilan birga, milliy amaliyotimizda shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonlarini tartibga soluvchi mexanizmlarni yanada mustahkamlash va shaffoflikni oshirish zarurati mavjud.

Biznes subyektlarining marketing maqsadlarida ma’lumotlardan foydalanishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini inobatga olgan holda, iste’molchilarning shaxsiy daxlsizlik huquqlari va tadbirkorlik manfaatlari o‘rtasidagi oqilona muvozanatni ta’minlash maqsadga muvofiqdir. Bu esa ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va ulardan
foydalanishning aniq huquqiy mezonlarini belgilashni hamda ma’lumotlar himoyasi kafolatlarini kuchaytirishni taqozo etadi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning samarali mexanizmi – bu shunchaki bozor talabi emas, balki O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan inson qadri va erkin iqtisodiy faoliyat kafolatlarining amaldagi yorqin ifodasidir. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ushbu sohani yangilangan
konstitutsiyaviy normalar ruhida rivojlantirish milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi. Global tendensiyalar va milliy qonunchilikdagi bunday uyg‘unlik mamlakatimizning barqaror iqtisodiy strategiyasining asosiy drayveri sifatida, pirovardida, huquqiy
demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi ezgu maqsadlarimizga erishishni tezlashtiradi.

Manbalar:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi, [Elektron manba]. –
26.12.2025. – https://pm.gov.uz/uz/lists/view/2730
2. UNITED NATIONS CONFERENCE ON TRADE AND DEVELOPMENT, UNITED NATIONS GUIDELINES FOR CONSUMER
PROTECTION. New York and Geneva, 2001.
3. O‘zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi 221-
I-sonli Qonuni. – https://www.lex.uz/acts/4704
4. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”
2025 yil 31 iyuldagi O‘RQ-1078-son Qonuni. – https://www.lex.uz/docs/7659506
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 06.10.2025 yildagi “Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-
tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–296-sonli https://www.lex.uz/docs/7757479
6. qarori. – O‘zbekiston Respublikasining 29.09.2022 yildagi “Elektron
tijorat to‘g‘risida”gi O‘RQ-792-son Qonuni. – https://lex.uz/docs/6213382
7. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 2024 yilgi hisoboti, O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portali, 20.06.2025.
https://raqobat.gov.uz/uz/qomita-hisobotlari/#1565938657502-075a33fd-4d4f0a66-39dd.

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.