Mustaqilligimizning mustahkam huquqiy asosi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi arafasida «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan fuqarolarning davlatimiz Bosh qomusiga, huquqiy madaniyat va huquqiy ong tushunchalariga, Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan inson huquqlari va erkinliklarining ta’minlanishi hamda himoya qilinishi darajasiga munosabatini aniqlash maqsadida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. So‘rov natijalari ishtirokchilarning aksariyat qismi Konstitutsiyamizga O‘zbekiston mustaqilligining mustahkam huquqiy poydevori, huquq va erkinliklarning ishonchli kafolati sifatida qarashini ko‘rsatdi.

Ishtirokchilar yakdillik bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni mamlakatimiz aholisi uchun tarixiy, siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega umummilliy bayram ekanini bildirdi.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, fuqarolarning aksariyati (90,5 foiz) suveren davlat va adolatli jamiyat barpo etish, inson huquqlarini himoya qilish hamda demokratiyaning oliy maqsadlariga va ijtimoiy adolatga sodiq qolish, fuqarolar tinchligi va millatlararo totuvlikni ta’minlashning fundamental asoslari mustahkamlab qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini "davlatimizdagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi bosh hujjat", deb hisoblashi aniqlandi.

So‘rov ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, Konstitutsiya xalq irodasi va millat hamjihatligini ifodalovchi qonun hujjati, mustaqil huquqiy demokratik davlatimizning bosh ramzidir.

So‘rov natijalari fuqarolarning ko‘pchiligi (86,3 foiz) Bosh qomusimiz zamon talablariga javob beradi va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan, deb hisoblashini ko‘rsatdi. O‘zbekistonliklar konstitutsiyaviy qoidalar mamlakatda bosqichma-bosqich, izchil amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarning davomiyligi, davlatimizni rivojlantirish va modernizatsiya qilish jarayonida jadallik va barqarorlik uyg‘unligini kafolatlayotganiga ishonadi. Fuqarolarning Konstitutsiya o‘zida vaqt sinovidan o‘tgan umuminsoniy huquqiy qadriyatlar bilan birga, rivojlangan davlatlarning konstitutsiyaviy tajribasi, O‘zbekiston xalqining milliy o‘ziga xosligi, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarini ham mujassam etganiga ishonchi komil. Bu davlat va jamiyatning tadrijiy-huquqiy rivojlanishi, ularning demokratik islohotlar sur’ati va samaradorligini oshirish yo‘lida samarali hamkorlik qilishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

So‘rov ishtirokchilari yuqori huquqiy madaniyat – davr talabi ekanligini, hozirgi davrda har bir fuqaroning huquqiy ongi, huquqiy savodxonligi yuqori bo‘lishi va egallagan huquqiy bilimlarini amalda qo‘llay olishi kerakligini qat’iy ta’kidladi. So‘rov jarayonida fuqarolarning aksariyati (92,6 foiz) o‘z fuqarolik huquqlarini puxta bilishini bildirgan.

Natijalar davlatimiz fuqarolarining Bosh qomusimiz mazmunidan xabardorlik darajasi yuqori ekanini ko‘rsatdi. Konstitutsiyaning asosiy qoidalarini bilishini aytgan respondentlar orasida oliy ma’lumotli fuqarolar, harbiy xizmatchilar, huquq-tartibоt organlari xodimlari va talabalar ko‘pchilikni tashkil etgan.

So‘rov fuqarolarimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mundarijasi, yo‘nalishlari bo‘yicha oldingi davrlardagi bunday hujjatlardan keskin farq qiladi, deb hisoblashini ko‘rsatdi. Bosh qomusimiz mustaqil demokratik davlat – O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘lgan davrga borib taqaladi, unda jinsi, millati, irqi, yoshi, moddiy ahvoli, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, inson huquqlarini kamsituvchi moddalar mavjud emas.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida demokratiyaning asosiy mohiyati mustahkamlab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. Ishtirokchilar Konstitutsiyamizning inson, uning hayoti, erkinligi, nomusi, g‘ururi hamda mulkchilikka, mehnat qilish va dam olishga, keksalikka doir ijtimoiy ta’minotga, malakali tibbiy xizmatga, ta’limga bo‘lgan ajralmas huquqlarini oliy qadriyat hisoblovchi umuminsoniy tamoyillarga tayangani – uning yana bir kuchli jihati ekanini bildirgan.

So‘rov davomida ishtirokchilarning konstitutsiyaviy huquqlar ta’minlanganligi va himoyalanganligiga oid fikrlari bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi. Respondentlarning aksariyati (94,8 foiz) O‘zbekistonda fuqarolarning asosiy konstitutsiyaviy huquqlari, qonun ustuvorligi to‘laqonli ta’minlanganligini ta’kidladi.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalariga ko‘ra, xalqimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, aholining huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, aholining barcha qatlamlari konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlamoqda va ularga xayrixohlik bildirmoqda.


“Jahon” AA

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.