Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning samarali mexanizmi

Toshkentda “Hokimiyat tarmoqlari bo‘linishi prinsipini amalga oshirish va inson huquqlarini himoya qilishda Konstitutsiyaviy sudning roli: O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlar tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tashkil etilganining 20-yilligiga bag‘ishlangan mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, Oliy sud huzuridagi sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, sud va huquq-tartibot organlari mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, Janubiy Koreya, Malayziya, Vengriya, Belgiya, Indoneziya, Rossiya, Tailand, Pokiston, Armaniston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya kabi davlatlarning Konstitutsiyaviy sudlari va konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshiruvchi idoralarining rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi B.Mirboboyev va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab huquqiy demokratik davlat barpo etish asosiy maqsad etib belgilangani va o‘tgan davr mobaynida bu hayotga izchil tatbiq etilayotganini alohida ta’kidladi.

Bu jarayonda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan fuqarolik jamiyati asoslari mustahkamlandi. Bunda mamlakatimiz iqtisodiyotini mafkuradan xoli etish va uning siyosatdan ustunligini ta’minlash, davlat bosh islohotchi vazifasini bajarishi, qonun ustuvorligiga erishish, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish, islohotlarni bosqichma-bosqich va tadrijiy amalga oshirishga qaratilgan, jahonda taraqqiyotning “o‘zbek modeli” sifatida e’tirof etilgan rivojlanish tamoyillari muhim dasturilamal bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida huquqiy davlatning muhim prinsipi – hokimiyatlar bo‘linishi mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, Asosiy qonunimizning 11-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar muhim maqsadga, ya’ni, hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini hayotga izchil tatbiq etish, hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini shakllantirish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyatining vakolatlari hamda nazorat vazifalarining rolini kuchaytirish, sud tizimini liberallashtirish va uning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha g‘oyat dolzarb chora-tadbirlarni ko‘rishga qaratilgan.

Ushbu prinsip hayotga joriy etilishi tufayli mamlakatimizda xalqchil va demokratik davlat hokimiyati tizimi shakllandi. Sud hokimiyati, jumladan, uning markaziy bo‘g‘ini – Konstitutsiyaviy sud davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i sifatida qaror topdi. Konstitutsiyaviy sud ayrim normativ-huquqiy hujjatlarning Asosiy qonunimizga mosligini aniqlash, Konstitutsiya va qonunlarning normalariga sharh berish, qonunchilik tashabbusini amalga oshirish vakolatlari vositasida hokimiyat tarmoqlari bo‘linishi prinsipini ta’minlash hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida izchil faoliyat yuritayotir.

Konferensiyada O‘zbekistonda hokimiyatlar bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini izchil va tizimli ravishda amalga oshirishda hokimiyat tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining ta’minlanayotgani davlat va jamiyat oldida turgan vazifalarni hal etishda muhim omil bo‘layotgani alohida qayd etildi.

Mahalliy va xorijiy ekspertlarning fikricha, konstitutsiyaviy odil sudlov – demokratik davlatchilikning muhim belgisidir. Konstitutsiyaviy odil sudlov konstitutsiyaviy nazoratning oliy shakli bo‘lib, zamonaviy demokratik davlatchilikning alohida talabi, zarur instituti hisoblanadi. Konstitutsiyaning ustunligini ta’minlash hamda qonuniylik muhitini yaratish inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlashning ishonchli garovidir.

Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Chang Jong Kimning fikricha, konstitutsiyaviy nazorat organlarining vakolatlarini kengaytirish, institutsional va vazifalarga doir mustaqilligini mustahkamlashga ko‘plab davlatlarda e’tibor qaratilmoqda. Ushbu idoralarning qarorlarini ijro etish bo‘yicha aniq mexanizmlarni joriy etish vositasida konstitutsiyaviy nazorat idoralarining hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini amalga oshirishdagi rolini kuchaytirish tendensiyasi kuzatilmoqda.

– O‘zbekistonda sud-huquq tizimi har tomonlama puxta o‘ylangan va xalqaro standartlarning eng ilg‘or tajribalarini o‘zida mujassam etgan tizimli institut sifatida shakllangan, – deydi Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Mixail Kleandrov. – Umumiy yurisdiksiya sudlarining ixtisoslashgani, hakamlik sudlari tarmog‘i shakllangani ishlarni sifatli va samarali ko‘rib chiqishga xizmat qilmoqda. Konstitutsiyaviy sud qonun hujjatlarining Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘rish orqali har bir hokimiyat tarmog‘ining o‘z vakolati doirasida ish yuritayotgani, ularning hujjatlarida inson huquqlari va erkinliklariga rioya qilinganiga baho beradi. Bularning barchasi huquqiy davlatning muhim sharti hisoblangan qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Malayziya Apellatsiya sudi raisi Tan Sri Raus Sharifning ta’kidlashicha, konstitutsiyaviy nazoratning samaradorligini ta’minlashda konstitutsiyaviy nazorat obyektlarini va ularni ko‘rib chiqish chegaralarini aniq belgilash muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda me’yorlarning sud nazorati har tomonlama qamrab olinishini ta’minlash dolzarb hisoblanadi. Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lmagan biron-bir normativ-huquqiy hujjat sud nazoratidan chetda qolib ketmasligi, sud organlarining nazorat vakolatlari takrorlanmasligi lozim.

– O‘zbekiston bag‘rikeng diyor sifatida jahonga tanilgan, – deydi Pokiston Oliy sudi sudyasi Qozi Fayoz Iso. – Inson huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan islohotlar pirovardida bu mamlakatning gullab-yashnashiga yo‘l ochayotganiga guvoh bo‘ldik. Darhaqiqat, qayerda hokimiyat tarmoqlari zimmasiga qo‘yilgan vazifalar to‘laqonli ado etilsa, o‘sha yerda rivojlanish, taraqqiyot bo‘ladi. Bunda sudyalar zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklanadi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan huquqiy tizimni modernizatsiya etish jarayonlarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi alohida o‘rin tutmoqda. Huquqiy tizimni, demokratik qadriyatlarni muhofaza qilishda, ularni xalqimiz turmush tarziga singdirishda e’tiborga molik ishlar amalga oshirilayotir. Kelgusida Konstitutsiyaviy sud faoliyatining yanada takomillashtirilishi sudlov jarayonlarining modernizatsiya qilinishi va demokratlashuviga, konstitutsiyaviy odil sudlovning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga, inson huquq va erkinliklarining samarali va o‘z vaqtida himoyalanishini mustahkamlashga qaratilishi lozim.

– O‘zbekistonda hokimiyatning har uchala tarmog‘i o‘ziga xos mukammal shakllantirilgan, – deydi Tailand Konstitutsiyaviy sudi sudyasi Tvekiat Menakanist. – Ular o‘z vazifalarini qonunda belgilangan asosda hamda fuqarolar manfaati yo‘lida o‘zaro hamkorlikda olib borayotgani mamlakatda barqarorlik, farovonlik qaror topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Konferensiyada Konstitutsiyaviy sudning hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini tatbiq etish va inson huquqlarini himoya qilishdagi roli va ahamiyati, konstitutsiyaviy odil sudlovning dolzarb masalalari, inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish kabi masalalar muhokama qilindi. Xalqaro anjuman yakunlari bo‘yicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi.


Manba: O'zA

Qiziqarli ma'lumotlar
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi davlatining konsitutsiyasi 300ga yaqin qonun hujjatlaridan iboratdir, ya'ni bu davlatda yagona konstitutsiya hujjati mavjud emas.