Konstitutsiya: Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazorati amalga oshirilishi huquqiy kafolatlandi

Mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar o‘z mazmun-mohiyati bilan “inson – jamiyat – davlat” degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yangilangan Konstitutsiya jamiyatimiz hayotining barcha yo‘nalishlarini kompleks tartibga solish hamda mamlakatimizni demokratik rivojlantirish yo‘lida eng muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Konstitutsiyaga kiritilgan yangi normalar barcha sohalarni taraqqiy ettirishga, shu jumladan, davlat hokimiyatining yanada samarali tashkil qilinishiga yordam beradi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshdi. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paydi, ya’ni amaldagi Konstitutsiya 65 foizga yangilandi.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarga qadar davlat byudjeti ochiqligi va uning ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish haqida gap-so‘z bo‘lishi ham mumkin emas edi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amalga oshirgan islohotlar natijasida byudjet ochiqligini ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar qilindi. Bir qator hujjatlar qabul qilindi. Fuqarolar nafaqat davlat byudjeti ustidan nazorat o‘rnatmoqda, balki mablag‘larni sarflashda ham ishtirok etmoqda.

Yangilangan Konstitutsiyaning 148-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi, shuningdek fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi kabi yangi norma bilan huquqiy mustahkamlandi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan ushbu modda odamlar byudjet qanday shakllanishi, qanday sarflanishi ustidan nazorat o‘rnata olishlariga xizmat qiladi. Bu nimasi bilan muhim?
Ko‘pchilik odamlarda davlat yoki mahalliy byudjetlar qanday shakllanishi haqida umumiy tasavvur ham yo‘q. “Davlatning puli” deb ataladigan ushbu mablag‘lar aslida xalqning o‘zi to‘lagan soliqlar evaziga yig‘ilgan pullardir. Tabiiyki, xalq o‘z puli qanday va qayerga sarflanayotgani ustidan nazorat qilishga haqqi bor. Kiritilgan ushbu modda aynan mana shu huquqni kafolatlaydi.

Mahallada mavjud bo‘lgan muammolarni hal etish bo‘yicha ayrim murojaatlarga tegishli mansabdor shaxslar tomonidan “rejaga kiritildi, moliyalashtirish bo‘lsa bajaramiz” degan javoblar berilishi hech kimga sir emas. Ushbu javoblarni olgan fuqarolar mahalladagi muammolar yechimini yillab kutib turardi. Shunday holatlarni keskin ravishda oldini olish maqsadida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga byudjetga oid alohida yangi modda kiritildi.

Eng avvalo, davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilandi. Xususan, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalari, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosalarini joylashtirishni nazarda tutuvchi “Ochiq byudjet” axborot portali ishga tushirildi.

Ochiq byudjet – bu fuqarolarning turli darajadagi byudjetlar to‘g‘risida tushunishlari uchun mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni shakllantirishga qaratilgan davlat siyosati.
Alohida qayd etish joizki, fuqarolarning byudjet jarayonida ishtirok etish tartibi ham paydo bo‘ldi. Ya’ni tashabbusli byudjet – aholining tashabbuslarini hisobga olgan holda byudjet mablag‘larining muayyan bir qismini sarflash bo‘yicha ularning bevosita ishtirokida qarorlar qabul qilish hamda qabul qilingan qarorlarning amalga oshirilishini kuzatish amaliyoti joriy etildi.

Ushbu amaliyot orqali aholi o‘zini qiynayotgan muammolar, shu jumladan mahalladagi muammolar (yo‘llar, bolalar maydonchalar va h.k.) byudjetga kiritish va ularni tezlik bilan hal qilish imkoni yaratildi.

Ma’lumki, Tashabbusli byudjet loyihalari butun dunyo bo‘yicha keng tarqalgan bo‘lib, jahonda 7000 dan ortiq shaharlarda qo‘llanilib kelinmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Ochiq byudjet” davlat siyosati, byudjet ustidan jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish va bu borada to‘liq axborot olish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 avgustdagi “Byudjet ma’lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Davlat byudjetiga oid axborotlarni joylashtirishni nazarda tutuvchi “Ochiq byudjet” portali ishga tushirildi. 2019 yildan boshlab byudjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman va shaharlar byudjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirishni nazarda tutadigan mexanizm joriy etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2021 yil 1 iyuldan boshlab jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdorini 10 foizdan 30 foizga oshirish belgilandi.

Fuqarolar “Ochiq byudjet“ axborot portalida takliflarni kiritish va ovoz berish orqali o‘zlarining fikriga ko‘ra, mahalliy byudjetlar mablag‘larining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtirishga yo‘naltirish kerak bo‘lgan tadbirlarni aniqlaydilar. Mazkur mexanizm fuqarolarni davlat moliyasini boshqarishga jalb qilishda amaliy instrument hamda eng quyi bo‘g‘inda ”Ochiq byudjet” portali orqali ilgari surilgan g‘oyalarni amalga oshirishda muhim hisoblanadi. Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni amalga oshirish byudjet to‘g‘risidagi ma’lumotlarga nafaqat milliy darajada, balki mahalliy darajada ham talab yuqori ekanligini ko‘rsatadi.

Takliflarni qoldirish uchun jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan byudjet loyihasi tashabbuskori “Ochiq byudjet” portalida (openbudget.uz) ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Tashabbusli byudjetlashtirish yoki partisipator byudjetlashtirish – bu aholining byudjet mablag‘larining aniq qismlarini sarflash maqsadida tashabbuslarni ilgari surishi orqali mahalliy boshqaruvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishidir.

Tashabbusli byudjetlashtirish – bu mahalliy ahamiyatdagi masalalarni byudjetni jamoatchilik fikri asosida shakllantirishga asoslangan holda byudjet mablag‘larini sarflash ob’ektlarini aniqlash va tanlashda, shuningdek tanlangan loyihalarning amalga oshirilishini bevosita fuqarolar ishtirokida nazorat qilish orqali hal qilishning turli-tuman amaliyotlari jamlamasidir.

Tashabbusli byudjetlashtirish – hududiy jamoatchilikning, fuqarolik jamiyati institutlarining va ayrim fuqarolarning o‘z aholi punktlarini rivojlantirish yo‘llarini belgilashdagi ishtiroki miqyosining o‘sishining global tendensiyaning bir qismi hisoblanadi. Har bir mamlakatda fuqarolarni jalb etish turli yo‘llar bilan amalga oshiriladi, ammo hamma joyda asosiy maqsad fuqarolarning byudjet mablag‘larini sarflash bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida faol ishtirok etishidir. Bu, ayniqsa, qabul qilinayotgan qarorlar bevosita hududiy jamoatchiliklarga aloqa bo‘lganida muhimdir.

Bundan tashqari, tashabbusli byudjetlashtirish loyihalari byudjet xarajatlari ro‘yxatiga fuqarolarni o‘ylantirayotgan dolzarb muammolarni hal etishga qaratilgan aniq loyihalarni tezkor kiritish imkonini beradi. Fuqarolar muammolarini byudjet va boshqaruv jarayoni doirasida hal qilishning an’anaviy yo‘li uch yildan kam bo‘lmagan muddatni talab etsa, tashabbusli byudjetlashtirishda bu jarayon deyarli ikki barobarga qisqaradi.

Voyaga yetgan barcha O‘zbekiston fuqarolari o‘zlarining aholi punktlarini obodonlashtirish va boshqa masalalarni hal qilishga qaratilgan byudjetni jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni ilgari surish huquqiga ega.

2021-yilda eksperiment tariqasida boshlangan “Tashabbusli byudjet” ikki yil ichida yirik loyihaga aylandi. Ilk marotaba o‘tkazilgan “Tashabbusli byudjet” dasturida 2021 yilda 1149499 ta ovoz berilgan bo‘lsa, 2022 yilning 1-mavsumida 6718133 ta, 2-mavsumi uchun 7823439 ta ovoz to‘plandi. 2022 yilgi birinchi mavsumda 69700 ta, ikkinchi mavsumda yesa 61000 ta taklif tushdi. Loyiha ommalashib, tashabbusli byudjetdagi tashabbuslar O‘zbekistondagi mahallalarning 98 foizini qamrab oldi.

2023 yil 1-mavsumda jamoatchilik fikri asosida, ovoz berish jarayoni natijalari bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur loyihada jami 33 680 ta tashabbus uchun 16 mln.dan ortiq ovoz berildi. Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, 1 666 ta loyiha g‘olib deb topildi. 2023 yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 8 trln. so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trln.so‘m yo‘naltiriladi.

Prezident topshirig‘i bilan “Tashabbusli byudjet” jarayonlarining 2023 yil 1-mavsumida ishtirok etib, har biri 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qo‘shimcha 1,3 trln. so‘m mablag‘ ajratiladi. Bunda, qo‘shimcha 1 182 ta mahalla bo‘yicha 4,3 mln. nafar fuqaro ovoz bergan loyihalar amaliyotga tatbiq etiladi.

“Tashabbusli byudjet” loyihasining 2023 yildagi 2-mavsumida jami 1187 ta loyiha g‘olib deb topilib, ularni amalga oshirish uchun 1,4 trln. so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirildi. Qayd etish joizki, “Open budjet” portali orqali 33 489 ta tashabbus uchun uchun 16,2 million ovoz berilgan.

E’tirof etish joizki, ushbu jarayonlarda fuqarolarimiz faol bo‘lib, amalda ham odamlar shaxsiy manfaatlar uchun emas, ichki yo‘llarni ta’mirlash, maktablar ta’miri, ichimlik suvi kabi jamiyat manfaati uchun muhim takliflarni qoldirdi. Tashabbuslari ko‘p ovoz yig‘ib, g‘olib chiqqan mahallalar bayramlar uyushtira boshladi. Chunki endi ular mahallasidagi muammolar hal bo‘lishi uchun hokimiyatning “mana bu yil, mana keyingi yil” degan va’dalari bajarilishini kutib o‘tirishi shart emasdi. Bu bilan ushbu loyiha odamlarni birlashtirganiga guvoh bo‘ldik.

“O‘zbekiston – 2030 strategiyasi”ga muvofiq, “Mahallaning mablag‘larini aholining ovoziga ko‘ra, infratuzilma loyihalariga yo‘naltirish amaliyotini joriy qilib, mahallalardagi muammolarni hal etish uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdorini kamida 3 barobar ko‘paytirish. Aholi tashabbusi bilan infratuzilmani yaxshilashga ajratiladigan mablag‘larni 24 trillion so‘mga yetkazish” vazifalari belgilangan. Mazkur vazifalarning bajarilishi tashabbusli byudjetlashtirish jarayonini moliyalashtirishni kengaytirish va huquqiy jihatdan kafolatlash zaruratini ko‘rsatmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan mazkur normalar yuqorida qayd etilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida davlat byudjetini shakllantirish, uni daromad va xarajat qismlarini belgilash, ijrosini ta’minlashda fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish, ularga bu jarayonda keng va faol qatnashish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun tegishli tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlar va kafolatlar yaratadi.

Davlat byudjetidan maqsadli foydalanishni ta’minlash aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga zarur yordam ko‘rsatish, uy-joy bilan ta’minlash, tadbirkorlik va umuman, davlat va jamiyatni hayotining boshqa barcha sohalarida samaradorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Eng asosiysi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish maqsadida amalga oshirilgan Konstitutsion islohotlar xalq farovonligi va inson qadri uchun xizmat qiladi.

Jahongir Urmonov,
Jamoat xavfsizligi universiteti
kafedra boshlig‘i,
Javohirbek Jaloliddinov,
1-kurs talabasi.

Qiziqarli ma'lumotlar
Garchi Yaponiya Konstitutsiyasining 9-moddasiga binoan, Yaponiya kelajakda urush olib borish huquqidan hamda quruqlik, dengiz va havo harbiy kuchlar tuzish huquqidan abadiy vos kechgan bo'lsada, bugungi kunda Yaponiya harbiy harajatlari bo'yicha dunyoda 5-o'rinda turadi ($ 58,97 mlrd).