Konstitutsiya – baxtimiz kafolati

Bosh qomusimizning 49-moddasida fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab-asrashga majburdirlar. Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir, deb belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston davlat san’at muzeyi xalqimizning ana shunday boqiy merosini o‘zida mujassam etgan muqaddas maskanlardan. Hozirgi kunda uning “O‘zbekiston xalq amaliy san’ati”, “O‘zbekiston tasviriy san’ati” va boshqa asosiy bo‘limlarida 98 mingdan ortiq ashyo va kolleksiya saqlanmoqda.

Bugungi kunda mazkur maskan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, turli ko‘rgazma va uchrashuvlar o‘tkaziladigan qadamjo hamdir. Bosh qomusimiz qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan bu yerda tashkil etilgan tadbir "Konstitutsiya – baxtimiz qomusi" shiori ostida o‘tdi. Unda Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri jamoasi vakillari, Toshkent madaniyat kolleji o‘qituvchi va o‘quvchilari, san’atkorlar va jurnalistlar qatnashdi.

Muzey direktori Vasila Fayziyeva va boshqalar Bosh qomusimiz yurtimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolik jamiyati asoslarini rivojlantirish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish hamda modernizatsiya qilish, «Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari» tamoyilini hayotga tatbiq etishda eng muhim va mustahkam huquqiy asos bo‘layotganini alohida qayd etdi.

– Konstitutsiya – baxtimiz kafolati, hayotimizning muhim mezoni hisoblanadi, – deydi Toshkent madaniyat kolleji o‘qituvchisi Ahmadjon To‘laganov. – Bosh qomusimizning 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekani ko‘rsatib qo‘yilgani hamda umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlangani navqiron avlodning iqtidoru salohiyatini namoyish etishi yo‘lida katta imkon hisoblanadi. Bu muhtasham koshonada o‘tkazilgan anjuman ham yoshlarning yorug‘ kelajagini belgilab beruvchi ana shunday ezgu maqsadlarga mushtarakligi bilan katta ahamiyatga ega.

Tadbir doirasida tashkil etilgan muzey xazinasidagi amaliy san’at namunalari, jumladan, kashtalar, so‘zanalar, do‘ppilar, jiyaklar kabi noyob asarlar namoyishi ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.

Bosh qomusimiz tarannumiga bag‘ishlangan she’rlar Vatan, do‘stlik, birdamlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlarga ulanib ketdi.

Nasiba Ziyodullayeva, Temur Mamadaminov,

O‘zA

Qiziqarli ma'lumotlar
AQSh Konstitutsiyasi dunyodagi eng kichik va eng o‘zgarmas Konstitutsiya hisoblanadi.