Konstitutsiyani o‘rganamiz

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi tashabbusi bilan “Konstitutsiya – adolat mezoni” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

Viloyat adliya, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmalari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilaridan iborat jamoalar o‘zaro bahslashdi.

– Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash borasida partiyamiz tomonidan aniq dasturlar asosida ish olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi axborot xizmati rahbari Zubaydulla Ibrohimov. – Bu jarayonda, ayniqsa, yoshlarning Konstitutsiya va qonunlarimizga oid bilimini oshirish, ular o‘rtasida huquqiy, siyosiy ta’lim-tarbiyani yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur tanlov ham ushbu maqsaddan kelib chiqib tashkil etildi va unda viloyatimizdagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining olti jamoasi qatnashdi.

Tanlov shartlariga ko‘ra, o‘quvchilar mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, siyosiy partiyalar faoliyati, O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari haqidagi bilimlarini savol-javoblar, sahna ko‘rinishlari hamda ko‘rgazmali vositalar orqali ifodalab berdi.

Pastdarg‘om politexnika kollejining “Darg‘om yoshlari” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ishtixon pedagogika kollejining “Yosh huquqshunoslar”, Bulung‘ur pedagogika va sport kollejining “Qonun himoyachilari” va Samarqand huquqshunoslik kollejining “Deviantus” jamoalari keyingi o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.

Qiziqarli ma'lumotlar
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi davlatining konsitutsiyasi 300ga yaqin qonun hujjatlaridan iboratdir, ya'ni bu davlatda yagona konstitutsiya hujjati mavjud emas.