Muhammad Ali: “Konstitutsiya – mustaqilligimiz tuzugi, kishining barcha ehtiyojlariga unda javob bor”

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, taniqli adib Muhammad Ali milliy qomusimiz – Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 26 yilligi munosabati bilan OʻzA muxbirining qonunlar jamlanmasi negizida bir ijodkor qismati, orzusi va umidi haqidagi ayrim savollariga javob berdi.

– Siz oʻzbek adabiyoti ixlosmandlari orasida koʻplab asarlari bilan tanilgan, ijodkorlar ichida esa oʻzining zalvorli ijod mahsuli bilan ajralib turadigan yozuvchi sifatida milliy qomusimizning hayotingizda tutgan oʻrni haqida nimalar deya olasiz?

– Men Oʻzbekiston fuqarosiman. Mamlakatimizning barcha fuqarolarining butun haq-huquqlari, konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan. Har bir fuqaro oʻqish, mehnat qilish, davolanish huquqlariga ega. Bugun osoyishta zaminimizda vijdon erkinligi, teng huquqlilik, insonparvarlik gʻoyalari asosida baxtiyor insonlar umrguzaronlik qilib kelmoqda.

Konstitutsiya – tuzuk degani. Eski turkiy tilimizdagi tuzmoq feʼli asosida yuzaga kelgan. Amir Temur tuzuklari ham oʻziga xos bir konstitutsiya desam, yanglishmayman. Tuzukda aytiladi agar aybdor, jinoyatchi kishilarga jazo berish kerak boʻlsa unga azob berish, qiynash tanaga jarohat yetkazish kabi jazolar berish taqiqlanadi. Uni maʼrifat yoʻli bilan toʻgʻri yoʻlga boshlash kerak. Yoki boʻlmasam, oʻsha davr kishisi adirlik, qarovsiz dasht yerlarini parvarish qilib, uni obod qilsa, undan birinchi soliq olinmagan. Bobomiz tuzuklarida ham milliy qomusimiz singari insonparvarlik – gumanizm gʻoyalari ilgari surilgan. Bir soʻz bilan aytganda, bugungi konstitutsiyamiz mustaqilligimiz tuzugidir.

Bugun biz nimagaki erishgan boʻlsak, mana shu konstitutsiyamiz tufayli erishdik. Konstitutsiya insonni inson sifatida yashashini, sayohat qilishini, erkin fikrlashini taʼminlovchi olamshumul hujjat hamdir. U kishi ruhiyatini, sogʻligini oʻzida aks ettirgan.

Konstitutsiya – mustaqilligimizning eng katta yutugʻi hamdir. U shunchalar mukammal asarki, kishining barcha ehtiyojlariga unda javob bor. Unda nafaqat, insonni balki oddiy daraxt, tabiat, muborak qadamjolarni asrash, muhofaza qilish tushunchalari ham yotadi.

– Oʻtgan asrning oltmishinchi yillari – tarixiy haqiqatlar qoralangan, adolat emas, adovat hukmronlik qilgan davrlar. Aynan sizning “Gumbazdagi nur” dostoningiz oʻsha vaqtlarda yozilgan. Shunday ziddiyatli zamonda Sohibqiron shaxsini gavdalantirishga choʻchimagansizmi? Umuman olganda, buyuk Amir Temur shaxsiga mehringiz qachon tushgan?

– Baʼzan oʻzim ham oʻylab qolaman. Qachon mana shu oʻylar yuragimga kirib kelgan ekan, deb. Ehtimol, talabalik yillarimdadir. Moskvadagi Adabiyot institutida oʻqiganman. Oliygohda tanqid, sheʼriyat nasr va tarjima yoʻnalishlarida turli davlatlardan kelgan talabalar bilan birga tahsil olganman. Oʻsha vaqtda har tomondan kelgan talabalar bilan oʻzaro bahslashardik. Ular turfa xil millat vakillari edi – Boltiq boʻyi mamlakatidan, Jazoirdan, Turkmaniston, Tojikiston, Qozogʻistondan kelib oʻqirdi. Ular doim oʻzining shonli tarixi haqida ogʻizlaridan bol tomib gapirishardi. Ayniqsa, rus shoirlari koʻpchilikni tashkil etardi. Ularda oʻsha davrda oʻz tarixini yoritish erkinroq boʻlgan. Yevtushenkoning “Vankov v stanka” nomli sheʼri bor edi. U sheʼr rus millatining yorqin tarixiy siymolaridan boʻlmish Simeon Vankov haqida edi. Buni oʻrta yoshli kishilar yaxshi bilishadi. Shu nomli ajoyib oʻyinchoq boʻlardi. Uni qay tarzda uloqtirsangiz ham, oʻz holiga qaytib yana tik turadi. Yiqitishga urinsangiz ham, sal agʻanardi va darhol turib olardi. Hech qachon yiqilmaydi. Goʻyoki dushmanga boʻyin egmaydi. Ular millatini shunday eʼzozlashardi. Talabalik yillarimda bir rus yozuvchisining “Ustalar” dostoni mashhur boʻlib ogʻizdan-ogʻizga oʻtib koʻchib yurar edi. Men ham undan ruhlanib “Gumbazdagi nur” dostonini yozgandim. Qarangki, oʻsha davrda ustozlar tomonidan yaxshi kutib olindi. Iliq munosabatlar esa meni yana va yana yozishga undagan. Rosti oʻsha davrda Sohibqiron haqida asar yozish, uni toʻgʻri talqin qilish juda qiyin ish edi. Shu davrlarda Bobomiz tilidan yozilgan toʻrtligim yodimga tushib ketdi:

Ey muarrix, etma umrni taroz,

Bas, bunday gaplarga emasman muhtoj.

Tori uzilsa ham, soz atalar soz,

Boshdan tushganda ham, toj atalur toj.

Oʻsha davr ziddiyatli zamonlarida alam bilan yozilgan toʻrtlik.

Oradan biroz vaqt oʻtib “Sarbadorlar” romanini yozganman. Amir Temur obrazini kiritish uchun emas, ushbu voqeani badiiy aks ettirish uchun. Vaholanki, oʻsha davr - Amir Temurdek mukammal shaxs unib oʻsayotgan davr edi. Sohibqironning navqiron yoshlik paytlari. Ushbu asarimda ham buyuk shaxs siymosi birinchilardan yoritildi. Olim, adabiyotshunos Matyoqub Qoʻshjonov ham yuqori baholab davomini yozishni, Sohibqiron obrazini gavdalantirishga, uni badiiy adabiyotga olib kelishga undadi. Yana bir narsadan faxrlanaman – “Gumbazdagi nur” dostoni 1967 yil, oʻsha oktyabr toʻntarilishining 50 yillik yubileyi vaqtida chop etilgan. Oʻsha davrni koʻrgan kishilar yaxshi bilishadi. Shu damda nima chop etilsa, oktyabr soʻzi yoki Lenin ismi boʻlishi kerak edi. Hatto fabrikalardan sovun, gugurt ishlab chiqarilsa ham, tepasida 50 raqami boʻlar edi. Soʻzga eʼtiqodim bor, oʻzim shu narsalardan gʻururlanaman, oʻsha dostonimda na oktyab, na Lenin ismi bor. Hozir darsliklardan joy egallagan asar – oʻsha 1967 yil qanday yozilgan boʻlsa, shu koʻrinishda undan joy olgan.

Aslida, Amir Temurdek mukammal shaxsga oʻxshashi bor inson yoʻq, u kishidek kechirimli va dono kishi olamda boʻlmagan. Boyazid voqealarini eslaylik, yoki Toʻxtamishxon necha marotaba bobomiz shafqatiga sazovor boʻlgan...

Sharafiddin Ali Yazdi aytadi: “Sohibqiron oʻz vaqtini aysh-ishrat bilan oʻtkazishga qizgʻanardi”, Sohibqironning muchali sichqon boʻlgan. Hech narsani eʼtibordan chiqarmagan. Kichik holatlarga ham ahamiyat qaratguvchi mukammal inson boʻlgan.

Shunday davrlar boʻlganki, ayrim rus olimlari Sohibqiron bobomizni chalasavodga chiqarib qoʻygan. Ammo hech biri aniq maʼlumot bilan u shu yerda savodsizlik qilgan, deb isbotlab bermagan. Isbotlab berolmaydi ham. Chunki Sohibqiron ilmtalab, mutolaani xush koʻradigan ziyoli kishi boʻlgan. Alisher Navoiy “Majolus un-Nafois” asarida keltiradi “U kishi sheʼr yozmaydilar, ammo bir sheʼr aytgani yuz sheʼr yozgʻoncha bor” degan joylari uchraydi. Bu ham bobomizning xarakterini ochib beruvchi dalil, desak yanglishmayman.

Oʻzimda kuch va iroda topganim uchun “Ulugʻ saltanatdek” yirik asarga qoʻl urdim. Odamlar asarlarimizni oʻqishyapti, fikr-mulohazalar bildirishmoqda. Shu orada asarlarimiz orqasidan oʻzimizni ham tanishyapdi. Samimiy uchrashuvlarda kitoblarimiz eʼtirof etishmoqda. Barcha yozuvchilar singari bu holatlar meni ham mamnun qiladi.

Yaqinda “Imom al-Buxoriy” ziyoratgohiga bordim. Ziyorat chogʻida oʻrta yoshli bir ayol yonimga keldi, soʻrashib birinchi bergan savoli shu-boʻldi: “Nimaga Muhammad Sultonni oʻldirdingiz”, dedi. Gaplar hazilga ulashib ketdi. Aytishicha, asarimni radio variantini eshitib, Amir Temurga boʻlgan mehri yanada oshibdi. Asar qahramonlari uni taʼsirlantiribdi. Bu esa biz kabi yozuvchilarga faxr tuygʻusini beradi. Hatto nabirasiga ismimni qoʻyibdi. Buxorolik Shabiya ismli opa ekan. Xalqimizda tarixni ardoqlaydigan odamlar koʻp. Asar ichidagi Amir Temur va Bibixonim oʻrtasidagi dialoglarni haligacha kitobxonlar taʼsirlanib etirof etib kelishmoqda. Yozuvchi uchun bundan ortiq baxt boʻlmasa kerak.

– Milliy davlatchiligimiz qonuni ijtimoiy hayotning goʻzalligi taʼminlabgina qolmasdan, oila tinchligiga oʻz hissasini qoʻshadi. Bir soʻz bilan aytganda, barchamiz ushbu kitob negizida yashab kelyapmiz. Siz ham farzand va nabiralaringiz bilan farovon umrguzaronlik qilib kelmoqdasiz. Oilangiz haqida ham gapirib oʻtsangiz...

– Toʻrt qizim, bir oʻgʻlim bor. Barchasi oliy maʼlumotli. Qizlarim ham turli sohalarda – bir qizim ingliz tili oʻqituvchisi, ikki qizim vrach, keyingi qizim filolog jurnalist, oʻgʻlim bank xodimi. Kuyovlarim ham, kelinlarim ham oʻz kasbiga fidoyi. 14 nafar nabiram bor. Qarangki, 7 nafari oʻgʻil, 7 nafari qiz. Ular ham xuddi ota-onasidek ilmga chanqoq. Hozir zamon oʻqiganniki. Bu yil bir nabiram dizayn institutiga oʻqishga kirdi, bittasi Benkov maktabi oʻquvchisi boʻldi, kenja nabiram esa birinchi sinfga qadam qoʻydi. Bularning barchasi dilimni birdek xursand, shod etadi. Nabiralarning kichik yutugʻi ham biz bobolarga ulkan boʻlib koʻrinadi. Ular tinch, osoyishta, farovon davrlarda yashayapti. Qoʻlini choʻzsa osmonga yetadi. Nabiralarim tengi barcha Oʻzbekistonning bolalari bugun dunyo bolalaridan kam yeri yoʻq. Har tomonlama ular bilan bahslasha oladi. Xohlagan mavzuda “debat” olib borib, mana man degan tengdoshlarini dogʻda qoldiradi. Tilni mukammal bilishadi, ikki-uch tilda murakkab asarlarni mutolaa qilishadi. Sayohatga deysizmi, bilim olishga deysizmi, umuman, barcha ezgu amallarni bajarishga dunyoning xohlagan yeriga borib kela oladi. Bugungi yoshlarimiz ana shunday toʻqchilik zamonida yashayotganidan mamnunman. Shu baxtli bolalar qatorida nabiralarim ham borligi meni quvontiradi. Mana shularning ham barchasi kelajak uchun muhim qadam boʻlgan, qolaversa, baxtli kelajakni oʻzida aks ettirgan konstitutsiyamiz tufayli, desam yanglishmagan boʻlaman.

Dilobar Mamatova, OʻzA

Qiziqarli ma'lumotlar
Hindiston Konstitutsiyasi AQSh Konstitutsiyasidan farqli o‘laroq dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi.