Samarkand shahrida “O‘zbekistonda hakamlik sudlari faoliyatini takomillashtirish masalalari" muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning 14-15 sentabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan “O‘zbekistonda hakamlik sudlari faoliyatini takomillashtirish masalalari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar tashkil qilindi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlari hududiy boshqarmalari mas’ul xodimlari va ularning huzuridagi hakamlik sudlari sudyalari, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi va tumanlararo sudlari, Samarqand viloyati iqtisodiy sudi sudyalari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi, Samarqand viloyati Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Ilmiy-amaliy seminarda “Konstitutsiya va hakamlik sudlari faoliyatining huquqiy asoslari, ularning nizolarni hal qilishdagi roli va ahamiyati”, “Hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq ishlarni iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari”, “Hakamlik sudining hal qiluv qarori bilan bog‘liq ishlarni fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqish amaliyoti”, “Hakamlik sudlari qarorlarini ijro qilish tartibi va muammolari”ga oid mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Ma’ruzalarda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning inson huquqlari ustuvorligi prinsipiga asoslangan mustahkam huquqiy zamini yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, konstitutsiyaviy qonunlari, kodekslar, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan iborat zamonaviy huquqiy hujjatlar tizimi shakllantirildi va usluksiz takomillashtirilib borilmoqda.

Hakamlik sudlarining nizolarni muqobil hal etishda asosiy nodavlat organ sifatidagi faoliyat ko‘lami yildan yilga kengayib bormoqda. Chunki buning uchun mamlakatimizda hakamlik sudlari faoliyatini tartibga soluvchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi Qonunida hakamlik sudlari faoliyatining asosiy prinsiplari, ularni tashkil etish va hisobini yuritish tartibi, mazkur sudlar tomonidan hal etiladigan nizolar, hakamlik bitimi shakli va mazmuni, hakamlik sudyasiga qo‘yiladigan talablar, hakamlik sudining tarkibini shakllantirish, nizoni hakamlik sudida hal qilish bilan bog‘liq xarajatlar, hakamlik muhokamasi, hakamlik sudining hujjatlari, hakamlik sudining hal qiluv qarori yuzasidan nizolashish va uni ijro etishga oid normalar belgilanganligi qayd qilindi.

Hakamlik sudlari fuqarolik jamiyatining muhim institutlaridan bir bo‘lganligi sababli ularni tashkil etish va faoliyat yuritishi nafaqat normativ-huquqiy hujjatlar, balki ularni tashkil etayotgan yuridik shaxslarning lokal hujjatlari (doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi hakamlik sudining qoidalari, ya’ni nizomi va reglamenti) bilan ham tartibga solinishi uning o‘ziga xos xususiyati ekanligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va uning hududiy boshqarmalari huzurida tashkil qilingan 15 ta hakamlik sudlari tomonidan 2007 yildan 2017 yilgacha (6 oyigacha) da’vo summasi 411,3 mlrd. so‘m, 48,8 mln. AQSh dollari, 195,1 ming Yevroni tashkil qilgan jami 8689 ta ishlar ko‘rilganligi va ular tomonidan qabul qilingan hal qiluv qarorlarining aksariyati (90 foizga yaqini) ixtiyoriy ijro qilinayotganligi qayd etildi. Shuningdek Palata a’zolari hakamlik sudiga imtiyozli asosda murojaat qilishlari mumkinligi, ya’ni ular uchun hakamlik yig‘imining miqdori to‘lanishi lozim bo‘lgan summaning 75 foizini tashkil qilish ta’kidlandi. Hakamlik sudlari faoliyati ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida Palataning barcha tuman va shaharlardagi Tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlari orqali hakamlik sudlariga murojaat qilish imkoniyatlari keng muhokama qilindi.

Seminarda vakolatli sudlar (iqtisodiy sudlar va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar) tomonidan hakamlik sudining hal qiluv qarorini bekor qilish va uni majburiy ijro etish uchun ijro varaqasi berish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rishning o‘ziga xos xususiyatlari atorflicha yoritilib, tahliliy materiallar seminar ishtirokchilariga taqdim qilindi.

Hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlarini ijro qilish ikki xil usulda, ya’ni ixtiyoriy va majburiy (vakolatli sudlardan ijro varaqasini olish orqali) ijro qilinishiga seminar qatnashchilari e’tibori qaratildi va bu boradagi muammolar yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi hamda Majburiy ijro byurosi bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritildi.

Hakamlik sudlarida nizolarni tezkor, qonuniy, adolatli hal qilish ko‘p jihatdan hakamlik sudyalarining bilim darajasi, amaliy tajribasiga bog‘liqligiga e’tibor qaratilib, ularni malakasini oshirishning dolzarb muammolari seminar ishtirokchilari tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Ilmiy-amaliy seminar ishtirokchilari va ma’ruzachilar tomonidan hakamlik muhokamasining huquqiy asoslarini takomillashtirish, vakolatli sudlar bilan hakamlik sudlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, hakamlik sudyalari va hakamlik sudyaligiga nomzodlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, nizolarni qo‘rib chiqish bo‘yicha xakamlik sudyalari o‘rtasida tajriba almashish, hakamlik sudlari xal qiluv qarorlari ijrosini ta’minlash kabi masalalar bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.

Qiziqarli ma'lumotlar
Garchi Yaponiya Konstitutsiyasining 9-moddasiga binoan, Yaponiya kelajakda urush olib borish huquqidan hamda quruqlik, dengiz va havo harbiy kuchlar tuzish huquqidan abadiy vos kechgan bo'lsada, bugungi kunda Yaponiya harbiy harajatlari bo'yicha dunyoda 5-o'rinda turadi ($ 58,97 mlrd).