Konstitutsiya ustunligini ta’minlashning muhim huquqiy poydevori

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 108-109-moddalari Konstitutsiyaviy sudga bag‘ishlangan.

Ma’lumki, Konstitutsiyaviy sud insoniyat tarixida insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini barpo etish, Konstitutsiyaning ustunligini ta’minlash hamda uni maxsus muhofaza qilish maqsadida tashkil etiladi.

Milliy va xorijiy ekspertlarning fikricha, konstitutsiyaviy odil sudlov – demokratik davlatchilikning muhim sifat belgisidir. Konstitutsiyaviy odil sudlov konstitutsiyaviy nazoratning oliy shakli, zamonaviy demokratik davlatning alohida talabi, zaruriy instituti bo‘lib, Konstitutsiyaning ustunligini ta’minlash hamda mamlakatimizda qonuniylik muhitini, inson huquqlari va erkinliklari kafolatlarini yaratishning ishonchli garovidir.

Shundan kelib chiqib, 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshiruvchi maxsus organ – qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlarini Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘radigan Konstitutsiyaviy sudni tashkil etish va faoliyat yuritishi nazarda tutildi.

1995 yilda Konstitutsiyaviy sud va sudyalarning huquqiy holati, konstitutsiyaviy ishlarni ko‘rib chiqish asoslarini belgilab beruvchi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida” alohida qonun qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiyaviy sudning faoliyati Konstitutsiyani himoya qilish, uning normalari va prinsiplarini hamda unda qat’iy mustahkamlangan inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan.

Konstitutsiyaviy sudning mavjudligi Asosiy qonunning maxsus tarzda muhofaza qilinishidan dalolatdir.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan sud-huquq sohasini isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirishga oid vazifalar, shuningdek davlat hokimiyati tizimini izchillik bilan takomillashtirish va mazkur hokimiyatni muntazam o‘zgarayotgan ijtimoiy munosabatlar bilan uyg‘unlashib borishi Konstitutsiyaviy sud faoliyatini ham takomillashtirishni taqozo qildi.

Shu ma’noda joriy yilning 1 iyunida matbuotda e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida (80, 93, 108 va 109-moddalariga)gi va “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi qonunlar Konstitutsiyaviy sud faoliyatining samaradorligini va nufuzini oshirishga, mustaqilligini mustahkamlashga, vakolatlarini kengaytirishga, uni shakllantirish tartibini yanada demokratlashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirishga qaratilgandir.

Mazkur qonunlarning mazmun-mohiyatini tahlil qilish shuni ko‘rsatmoqdaki, ular avvalgi normalardan quyidagi jihatlari bilan farq qiladi: eng avvalo, oldingi qonun majoziy qilib aytganda oddiy qonun bo‘lgan bo‘lsa, yangi qonun “Konstitutsiyaviy qonun” maqomiga ega bo‘ldi. Albatta, Konstitutsiyani mahsus muhofaza qiluvchi organ faoliyatini tartibga soladigan qonun konstitutsiyaviy bo‘lishi har tomonlama oqilona qarordir. Bu uning faoliyatini turli ehtimoliy ta’sirlardan muhofaza qilishga kafolat bo‘lib xizmat qiladi. Yuridik adabiyotlarda konstitutsiyaviy qonun oddiy qonundan ustun turishi, Asosiy qonunga yaqinligi va unda qabul qilinishi alohida belgilanganligi, ba’zi davlatlarda bunday qonun konstitutsiyaning tarkibiy qismi maqomiga egaligi, qabul qilinish tartib-taomillari konstitutsiyaga tuzatish kiritish tartibi bilan o‘xshashligi, qabul qilinish jarayoni murakkabligi, ya’ni oddiy qonunlarga ko‘pchilik ovoz talab qilinsa, konstitutsiyaviy qonunga uchdan ikki qism ovoz talab qilinishi bilan farqlanadi. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, bu qonun qabul qilingunga qadar davlat hokimiyati organlaridan faqatgina Oliy Majlis palatalari to‘g‘risidagi qonunlar konstitutsiyaviy maqomga ega edi.

Bundan tashqari “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun o‘z hajmiga ko‘ra avvalgi qonundan 12 ta modda ko‘pdir.

Ikkinchi muhim jihat, bu Konstitutsiyaviy sud faoliyatining asosiy prinsiplarida mujassam bo‘lib, unda Konstitutsiyaning ustunligi, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi kabi yangi prinsiplar o‘z ifodasini topdi hamda har bir prinsipning mazmun-mohiyati alohida moddalarda ochib berildi.

Masalan, Konstitutsiyaning ustunligi prinsipi sifatida Konstitutsiyaviy sud o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustunligini, qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyatning hujjatlarida inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligiga doir konstitutsiyaviy prinsipning va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi boshqa normalarining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashga da’vat etilgandir – deb belgilab qo‘yildi.

Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida “Bugun hayotimizning o‘zi Konstitutsiyamizda ifodasini topgan eng asosiy maqsad - inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlash masalasini dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda”degan edilar. Shu ma’noda qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyatning hujjatlarida inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligiga doir konstitutsiyaviy prinsipning ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgani ayniqsa muhim hisoblanadi.

Uchinchi muhim jihat, bu Konstitutsiyaviy sud sudyalariga nisbatan minimal yosh chegarasi oshirilganligi va yuqori yosh chegarasini belgilab qo‘yilganligi, sudyalarni saylanishi, qasamyod qilishi kabilarda namoyon bo‘ladi.

Jahon konstitutsiyaviy sudlari tarixidan ma’lumki, mazkur sudlarning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni, davlat hokimiyati tizimida muvozanatni ta’minlashdagi roli, amalga oshiradigan vakolatlarining siyosiy-huquqiy ahamiyatidan kelib chiqib, uning a’zolariga boshqa sudlar sudyalariga nisbatan yosh va malaka talablari yuqori qo‘yiladi.

Shu ma’noda 30 yoshdan 35 yoshga yosh tsenzini o‘zgartirishning ahamiyati shundaki, mutaxassislarning ta’kidlashicha 35 yoshdan boshlab inson organizmi shaxsning jismoniy va ma’naviy imkoniyatlari muayayn hajm va sifatdagi ishlarni amalga oshirishga imkon beradi.

Xuddi shu kabi sudyalarga lavozimda bo‘lishning yuqori yoshini belgilashda odatda shaxsning jismoniy va ma’naviy imkoniyatlari muayayn darajada cheklanishiga sabab bo‘lishi mumkin davr olinib, yosh o‘tishi bilan mehnatga qobiliyatlilik darajasi pasayib borishi asos qilib keltiriladi. Albatta, dunyoning turli davlatlarida bu turlicha qayd qilingan. Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Armaniston, Avstriya, Belgiya, Bosniya va Gersegovina, Daniya, Vengriya, Islandiya, Irlandiya, Latviya, Latviya, Norvegiya, Rossiya, Ukraina kabi mamlakatlarda Konstitutsiyaviy sud sudyalarining (yoki konstitutsiyaviy sudlov vazifasini bajaradigan organ a’zosining) lavozimda bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 etib belgilangan. O‘zbekiston ushbu eng keng tarqalgan yosh bo‘yicha tajribani o‘ziga asos qilib oldi.Taqqoslash uchun keltiradigan bo‘lsak, Malta, Turkiyada 65, Finlyandiya, Shvetsiyada 67, Germaniya, Shveysariyada 68, Argentina va Kanadada 75 yosh etib belgilangan. Ayni vaqtda qayd etish joizki, Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi ekspertlari aynan 70 yoshni ko‘p davlatlar amaliy tajribasida o‘zini oqlagan, konstitutsiyaviy sudlar sudyalarining lavozimda bo‘lishining eng yuqori yoshi sifatida baholagan. Mamlakatimizda Oliy sudning sudyalari uchun ham sudyalik lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi yetmish yoshni tashkil etadi.

Shu bilan birgalikda qonunda ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emasligi belgilab qo‘yildi. Bu xorijiy tajribada ko‘p uchraydigan holat bo‘lib, boshqa sud sudyalariga nisbatan konstitutsiyaviy sud sudyalarining qayta saylanmasligi yoki bir martadan ortiq qayta saylanmasligi bir qator rivojlangan demokratik davlatlar qonunchiligida mustahkamlangan.

O‘zgarishlardan yana biri bu – Konstitutsiyaviy sud sudyalarining saylanishi bilan bog‘liq bo‘lib, agar avval sudyalar Prezidentning taqdimiga binoan Senat tomonidan sud raisi, rais o‘rinbosari va Konstitutsiyaviy sudning a’zolaridan iborat tarkibda saylangan bo‘lsalar, endilikda Konstitutsiyaviy sud Prezidentning taqdimiga binoan Senat tomonidan Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan saylanadi.

Bunda muhim jihatlardan biri bu - Konstitutsiyaviy sud raisi va uning o‘rinbosari Konstitutsiyaviy sud majlisida uning sudyalari orasidan saylanishi tartibi belgilanganidadir, ya’ni endilikda Konstitutsiyaviy sudning raisi va uning o‘rinbosari Senat tomonidan saylanmaydi. Rais va uning o‘rinbosarini sudyalarni o‘zi ichlaridan saylashlari yanada demokratik tabiat kasb etadi. Bunday holat xalqaro standartlarda yuksak e’tirof etiladi. O‘z tajribasida bunday tartibni joriy etgan davlatlar qatoriga Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra Albaniya, Argentina, Belgiya, Bolgariya, Xorvatiya, Daniya, Gruziya, Vengriya, Islandiya, Italiya, Latviya, Portugaliya, Ruminiya, Rossiya, Sloveniya, Makedoniya, Turkiya, Ukrainani misol qilib keltirish mumkin.

Agar avval Konstitutsiyaviy sudning sudyalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qildiradi – deb belgilangan bo‘lsa, endilikda qasamyod Konstitutsiyaviy sudning sudyasi tomonidan Senatning mazkur sudya saylangan majlisida qilinadi – deb mustahkamlandi. Bu ham mantiqiy ahamiyatga ega bo‘lib, birinchidan, qaysi organ saylasa, shu organda amalga oshiriladi, ikkinchidan, vaqt nuqtai nazaridan oqilona yechim bo‘lib, saylangan majlisida qasamyod qilishi hisoblanadi. Chunki avvalgi tahrirda davlat boshlig‘i qachon sudyalarni qasamyod qildirishi aniq belgilab qo‘yilmagan edi.

Shuningdek, agar avval Konstitutsiyaviy sud sudyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tasdiqlaydigan namunadagi guvohnoma beriladi – degan qoidalar belgilangan bo‘lsa, endilikda uni imzolovchi mansabdor shaxs aniqlashtirilib, Konstitutsiyaviy sud sudyasiga Senatning Raisi tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi – deb mustahkamlandi. Bunda ham o‘ziga xos mantiq bo‘lib, mazkur sudyalar yuqori palatada saylanishlari, qasamyod qilishlari bilan uzviy bog‘liq.

Avvalgi qonunda Konstitutsiyaviy sud raisining vakolatlari mustahkamlab qo‘yilmagan edi. Yangi qonunda alohida moddada raisning vakolatlari qayd etildi. Bunda alohida ta’kidlash joizki, rais vakolatlari “primus inter pares”, ya’ni tenglar ichida birinchi tusida berilgan bo‘lib, boshqa sudyalardan raisning ustunlik tomoni mavjud emas. Faqatgina ovozlar teng bo‘linib qolgan taqdirda raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

To‘rtinchi muhim jihat bu vakolatlarda aks etgan bo‘lib, Asosiy qomusimizning 109-moddasiga Konstitutsiyaviy sudning Prezident qarorlari va farmoyishlarini (avval faqat farmon nazarda tutilgan edi) Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash, konstitutsiyaviy qonunlarning, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarning imzolanguniga qadar Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash, Oliy sudning muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, har yili Oliy Majlis palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etish kabi yangi vakolatlari kiritildi.

Qaror va farmoyishlarning konstitutsiyaviy nazorat ob’ektiga kirishiga 2012 yil yangi tahrirda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunda farmonlar qatorida qaror va farmoyishlar ham normativ-huquqiy hujjat hisoblanishi belgilanganligi sabab bo‘ldi.

Jahon konstitutsiyaviy sudlari o‘z amaliyotlarida “ex-ante”, ya’ni hujjat imzolanmasidan avvalgi dastlabki va “ex-post”, ya’ni hujjat kuchga kirganidan keyingi nazoratni amalga oshiradilar. O‘zbekistonda Konstitutsiyaviy sud “ex-post”, ya’ni hujjat kuchga kirganidan keyingi nazoratni amalga oshirib kelayotgan edi.

Shu ma’noda Qonun bilan kirgan juda katta qo‘shimcha bu – mamlakatimiz Konstitutsiyaviy sudi endilikda konstitutsiyaviy qonunlarning, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarning imzolanmasidan avval dastlabki nazorat o‘rnatish vakolatiga ega bo‘lgani hisoblanadi. Bu jahondagi juda ko‘plab konstitutsiyaviy sudlar tajribasida (Fransiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Xorvatiya, Belarus) hali imzolanmagan, kuchga kirmagan hujjatlar ustidan qo‘llaniladigan “ex-ante”, ya’ni dastlabki nazoratni mamlakatimiz Konstitutsiyaviy sudi amaliyotiga tatbiq etilganligidan dalolatdir. Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi davlatlarga bunday amaliyotni tavsiya qilib, u Konstitutsiyaga nomuvofiqlikni oldini olish imkonini berishini qayd etadi.

Ma’lumki, umumiy yurisdiksiya sudlari amaliyotida muayyan ishni ko‘rib chiqish jarayonida mazkur munosabatga nisbatan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatning konstitutsiyaviyligiga shubha tug‘ilishi mumkin. Shuning uchun ham jahonning bir qator davlatlarida umumiy yurisdiksiya sudlarining bunday holatlarda Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish vakolatlari mustahkamlangan. Mamlakatimizda Oliy sud fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi bo‘lib, quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega hamda Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar doirasiga kiradi. Shundan kelib chiqib, umumiy yurisdiksiya sudlarida bunday ehtiyoj tug‘ilganida Oliy sud orqali Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyati qonunan mustahkamlandi.

Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 10-moddasiga asosan O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin. Asosiy qonunimizning 76-moddasiga asosan Oliy Majlis oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. 93-moddaga asosan esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir.

Konstitutsiyaviy sud esa 108-moddaga asosan qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘radi, ya’ni har ikki organ vakolatlari o‘rtasida hamkorlik uchun o‘zaro tutash vakolatlar mavjuddir. Shuning uchun ayrim davlatlarda (Rossiya, Belarus) Konstitutsiyaviy sud tomonidan har yili “mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida” axborot tayyorlash va uni parlament va Prezidentga taqdim etish qonunan belgilab qo‘yilgan. Bunday axborotlarda mamlakatdagi konstitutsiyaviylikni holati, muammolar hamda sud ularni yechimini topish uchun taklif qilgan yo‘llar o‘z ifodasini topib, xorijiy mamlakatlarda bunday axborot parlament va davlat boshlig‘i tomonidan tegishli qarorlarni qabul qilishda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

Shu ma’noda Konstitutsiyaviy sudga har yili Oliy Majlis palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etish vakolatining kiritilishi har tomonlama to‘g‘ri bo‘ldi.

Mazkur axborot Oliy Majlisga qonunlarni sifatini oshirishda hamda ularning bajarilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda, davlat boshlig‘iga esa kafillik funksiyasini bajarishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Beshinchi muhim jihat bu Konstitutsiyaviy sudga masala kiritish huquqiga ega bo‘lgan sub’ektlar doirasiga o‘zgartirish kiritilib, endilikda Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) ham bunday huquqqa ega bo‘lganligidadir.

Oliy Majlis palatalari kollegial organ ekanligi hamda palatalar masala kiritish huquqiga ega bo‘lgan sub’ekt sifatida qayd etilganligi, bundan tashqari Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari ham muayyan miqdordagi (kamida to‘rtdan bir qismi) deputatlar guruhi, senatorlar guruhi bilan masala kiritish huquqiga ega ekanliklarini hisobga olib Qonunchilik palatasining Spikeri, Senatning Raisi masala kirituvchi sub’ektlar qatoridan chiqarildi. Agar avval Oliy sud raisi masala kiritish huquqiga ega bo‘lgan bo‘lsa, mazkur organning kollegial idora ekanligidan kelib chiqib, endilikda Oliy sud bunday huquqqa ega ekanligi belgilab qo‘yildi.

Hukumat va Ombudsmanning bunday huquqqa ega bo‘lishi ularning faoliyat doirasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, dunyoning aksar davlatlarida mazkur organlar bunday imkoniyatga ega. Ayniqsa, Ombudsman har yili fuqarolarning minglab shikoyatlarini ko‘rib chiqishi jarayonida davlat organlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash, Konstitutsiya va qonunlar normalariga sharh berilishiga ehtiyoj tug‘iladi. Agar Konstitutsiyaviy sudning inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligiga doir konstitutsiyaviy prinsipning ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashga da’vat etilganligi bilan Ombudsmanning inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini ta’minlash vakolatini o‘zaro uyg‘unlikda ko‘radigan bo‘lsak, mazkur kiritilgan vakolatni majoziy qilib “uzukka ko‘z qo‘ygandek” deb baholashimiz mumkin.

Oltinchi muhim jihat, bu Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini moliyalashtirish Davlat budjetida alohida satrda nazarda tutilishi belgilanganligidadir. Bu ham Konstitutsiyaviy sudning davlat hokimiyati tizimida tutgan o‘rnidan dalolat qilib, sudning moliyaviy mustaqilligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonunda yuqoridagilardan tashqari Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonundagi umumiy yurisdiksiya sudlari sudyalarining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish asoslari bilan birxillashtirildi, Konstitutsiyaviy sud devoni, Konstitutsiyaviy sud huzurida tuziladigan ilmiy-maslahat kengashi huquqiy maqomi, Konstitutsiyaviy sudning qarorlari, xulosalari va boshqa hujjatlari mazkur sudning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi Konstitutsiyaviy sudning hujjatlari e’lon qilinadigan rasmiy manbaga kirishi, Konstitutsiyaviy sud sudyalari kiyim-boshining tavsifi va namunasi Senat tomonidan tasdiqlanishi belgilab qo‘yildi.

Xulosa qilib aytganda qabul qilingan qonunlar Konstitutsiyaviy sud faoliyatining samaradorligini va nufuzini oshirishga, mustaqilligini mustahkamlashga, vakolatlarini kengaytirishga, uni shakllantirish tartibini yanada demokratlashtirishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, mazkur sudning konstitutsiyaviy tuzum asoslarini, inson va fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilish, konstitutsiyaning ustunligini ta’minlashga oid faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishiga imkon yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari
monitoringi instituti bo‘lim boshlig‘i,
yu.f.d., dotsent, M.Mirakulov

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.