Fuqarolik jamiyatining mustahkam poydevori

DEPUTAT FIKRI

Yaqinda Konstitutsiyamiz qabul qilinganining yigirma besh yilligini keng nishonlaymiz. Aytish joizki, Asosiy Qonunimiz davlat mustaqilligi, xalqimizning tinch-osuda hayoti, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari kafolati, yurtimizda bozor munosabatlari hamda xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayni chog‘da u xalqimizni ozod va obod Vatan, erkin hamda farovon hayot qurishdan iborat ulug‘ maqsad yo‘lida birlashtiruvchi muhim hujjat hisoblanadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 20 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishida qayd etilganidek, Asosiy Qonunimizda belgilab berilgan qoida hamda tamoyillar negizida samarali milliy qonunchilik tizimi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllanib, hayotimizning barcha soha hamda tarmoqlarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalib, xalqimizning ongu tafakkuri tobora o‘sib borayotir.

Joriy yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinib, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ulug‘vor g‘oyaning hayotga tatbiq etilishi, odamlar bilan muloqot qilinib, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo hamda ehtiyojlarini o‘rganish va hal etish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar Konstitutsiyamizning prinsip hamda normalarini hayotga tatbiq qilishni yangi bosqichga ko‘tardi, desak, ayni haqiqat.

Qisqa davrda, Harakatlar strategiyasiga muvofiq, davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari tubdan qayta ko‘rib chiqildi, aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizm va usullari joriy qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi hamda joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi va ular ayni chog‘da samarali faoliyat ko‘rsatayotir. Shu bilan birga, barcha darajadagi hokimlar, prokuratura hamda ichki ishlar organlari rahbarlarining xalq oldida hisobot berishi tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu sa’y-harakatlar samarasini esa hayotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar misolida ham ko‘rayapmiz. Xususan, joriy yilning 5 — 14 iyul kunlarida “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan so‘rovda respondentlarning 89,2 foizi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xalq qabulxonalarini ta’sis etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Yurtdoshlarimiz fikricha, fuqarolar bilan faol va ochiq muloqot olib borish, Virtual qabulxona, Xalq qabulxonalari instituti shaklida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizimning yo‘lga qo‘yilishi ijtimoiy adolatni ta’minlash orqali barcha sohadagi muammolarni hal qilishda samarador yondashuv ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu institut ishga tushganidan buyon 1,2 milliondan ortiq murojaatlar bo‘lgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Shak-shubhasiz, bunday yangilanishlar Konstitutsiyada belgilangan xalq hokimiyatchiligi prinsipining hayotiy ifodasidir. Xalq hokimiyatchiligi demokratiya-ning mazmuni hamda ajralmas sharti sifatida Bosh Qonunimizning asosiy prinsiplari orasida alohida o‘rin tutadi.

Buning mohiyati shuki, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai bo‘lib, davlat xalq irodasini ifoda etadi va uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari hamda mansabdor shaxslar o‘z vakolatlarini xalqdan oladi va jamiyat hamda fuqarolar oldida mas’uldir. Fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqidan foydalanadi. Davlat hokimiyati faqat xalq nomidan amalga oshiriladi, davlat hokimiyati muayyan bir guruh, partiya yoki boshqa idora nomidan amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va O‘zbekiston Prezidenti ish olib borishi mumkin.

Ayonki, xalq hokimiyatchiligi prinsipi ko‘plab demokratik davlatlar Konstitutsiyalaridan o‘rin olgan. Shu ma’noda, Asosiy Qonunimizning II bobi “Xalq hokimiyatchiligi” deb nomlanishi ham bejiz emas. Unda xalq hokimiyatchiligini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha muhim qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan.

Xalq hokimiyatchiligi xususida so‘z borarkan, “xalq” atamasi kimlarni qamrab olishi haqidagi savol yuzaga kelishi tabiiy. Asosiy Qonunimizning 8-moddasida O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil qilishi belgilangan. Bu qoida mamlakatimiz fuqarolari bo‘lgan barcha millat hamda elatlar vakillarining Konstitutsiya va qonunlar oldida tengligini, bir xil fuqarolik maqomiga egaligini ko‘rsatadi. Ta’kidlash kerakki, ushbu qoida Konstitutsiyamizning ustuvor xususiyatlaridan bo‘lib, aksariyat mamlakatlar asosiy hujjatlarida bunday qoidalar mavjud emas.

Xalq hokimiyatchiligi prinsipi fuqarolarning jamiyat hamda davlat ishlarini -boshqarishda bevosita va o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqida ham namoyon bo‘ladi. Asosiy Qonunimizga muvofiq, bu o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish hamda davlat organlarini demokratik tarzda tashkil qilish, shuningdek, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Xalq hokimiyatchiligi prinsipi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ustuvor qoidalar ham bo‘lib, ular davlat hokimiyati tizimida o‘zaro tiyib turish hamda muvozanat saqlash, ijtimoiy-siyosiy xilmaxillikni ta’minlash, muhimi, inson manfaatlarining davlat manfaatlaridan ustuvorligini kafolatlashga xizmat qiladi. Chunonchi, Konstitutsiyaning 11-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi. Uning 12-moddasida O‘zbekistonda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar hamda fikrlarning xilmaxilligi asosida rivojlanishi, hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emasligi bayon qilingan.

Umuman, Konstitutsiyamizda xalq hokimiyatchiligi prinsipining umume’tirof etilgan barcha qoidasi ifodalangan va ular mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda dasturilamal bo‘lmoqda.

Rahimjon HAKIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati

Qiziqarli ma'lumotlar
AQSh Konstitutsiyasi dunyodagi eng kichik va eng o‘zgarmas Konstitutsiya hisoblanadi.