Taraqqiyotimiz va farovonligimiz kafolati

Bir piyola choyni oilamiz davrasida, shirin suhbat chog‘ida ichar ekanmiz, albatta, shu totli onlar, farovon turmush, qalbimiz xotirjamligi uchun shukrona aytamiz. Bu bebaho ne’matlarni bizga istiqlol berdi. Asosiy Qonunimiz esa baxtimiz poydevori bo‘ldi.

Darhaqiqat, bu hujjat yurtimiz osoyishtaligi, xalqimiz farovon hayotining mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilayotir. Zero, Konstitutsiyamiz orqali bizga bilim olish, erkin kasb tanlash, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, orzu-istaklarimiz ro‘yobini ko‘rish kabi beqiyos huquqlar berildi.

Eng muhimi, bu huquqlar xalqimizni 25 yildan buyon ulkan bunyodkorliklar sari ilhomlantirib kelmoqda.

Bugun Xorazm viloyatidagi qaysi tashkilot, muassasa yoki xonadonga bormang, Prezidentimizning vohaga alohida e’tibor qaratayotgani haqidagi faxru iftixor hissiga to‘la minnatdorlikka yo‘g‘rilgan shukronalarni eshitasiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki hudud aholisiga juda katta qulayliklar yaratilmoqda. Misol uchun, Xivaga eltadigan temir yo‘ldagi bunyodkorlik ishlari barchani birdek mamnun qilayotir. 2004-yilda foydalanishga topshirilgan Hazorasp tumani hududidagi avtomobil va temir yo‘l ko‘prigi voha taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etgani ham barchaga ayon. Yaqinda esa Buxoro — Miskin temir yo‘li qurib bitkazildi. Shu kunlarda Urganch — Xiva temir yo‘li qurilishi jadallik bilan davom ettirilayapti.

Aytish joizki, temir yo‘l sohasidagi bunday sa’y-harakatlar viloyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida alohida o‘rin tutayotir: yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda, aholining turmush sharoiti tobora yaxshilanayapti.

Yangi korxonalar ishga tushirilishi hisobiga ishlab chiqarish hajmi yanada oshayotir. Joriy yilning 9 oyida 373 milliard so‘mlik investitsiyalar evaziga 1,5 mingga yaqin ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etilgan yoki kengaytirilgan. Natijada 6 mingta ish o‘rni yaratildi.

Ko‘p asrlik tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, jamiyatning haqiqiy boyligi — inson. Kishilik jamiyati Vataniga sadoqatli, imon-e’tiqodi butun, mard va jasur, malakasi yetuk, ma’naviyati yuksak insonlar bilan haqli ravishda faxrlanadi. Bu ulug‘vor, betimsol boylik har qaysi davlatning salohiyatini belgilaydi.

Joriy yilning mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb nomlanib, odamlarni rozi qilish yo‘lida ulkan ishlar, ezgu amallar ro‘yobga chiqarilayotganligining boisi ham shunda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”, degan ezgu g‘oya asosida avvallari kuzatilmagan tajriba hayotga tatbiq etildi. Ya’ni aholiga issiqxona qurish, tomorqadan samarali foydalanish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilikni yo‘lga qo‘yish, qisqacha aytganda, hayotlari sifatini yaxshilash uchun imtiyozli kreditlar berildi. Bu kabi chora-tadbirlar oilalar turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Odamlar orasiga borib, ular bilan suhbatlashganimizda, hayotlari kundan-kunga yaxshilanib borayotganidan nihoyatda mamnun ekanliklarini bildirmoqdalar.

Yurtboshimizning 2017-yil 18-yanvardagi “2017 — 2021-yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, xorazmlik va qoraqalpog‘istonlik pensionerlar, nogironlar hamda nogironga hamrohlik qiluvchi shaxslar, talabalar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali moddiy yordam tayinlangan kam ta’minlangan oilalar a’zolari uchun samolyot va temir yo‘l chiptalarini olishda 50 foizlik imtiyozlar berildi. Bu ham xalqparvarlik siyosatining yorqin ko‘rinishlaridan biri bo‘ldi, desak, ayni haqiqat.

Davlatimiz rahbari 14-15-oktabr kunlari viloyatimizda bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, hayotga tatbiq etilayotgan yangi loyihalar bilan tanishish asnosida qator vazifalarni belgilab berdiki, bu boshlagan ishlarimizni yangi pog‘onaga ko‘tarishi, shubhasiz. Gap shundaki, 2018-2019 yillarda vohamizda umumiy qiymati 716 million dollar bo‘lgan 1 ming 500 ga yaqin loyihalarni ro‘yobga chiqarish hamda 16 mingta ish o‘rni yaratish choralari ko‘rilmoqda. Ayniqsa, kelgusi yilni Xorazm viloyatida “Tadbirkorlikni tubdan rivojlantirish va investitsiyalar yili” deb e’lon qilish taklifi mazkur sohaning jadal taraqqiyotiga zamin yaratadi.

Bugun vohaliklar Konstitutsiyamizning 25 yilligini shunday ulkan yutuqlar, yangi tashabbuslar, muhimi, jo‘shqinlik bilan qarshi olmoqdalar. Zotan, ona-Vatanimiz ravnaqi yo‘lida fidoyi mehnat qilish har birimizning muqaddas burchimizdir.

Sayyora ABDIKARIMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati a’zosi.

Qiziqarli ma'lumotlar
Hindiston Konstitutsiyasi AQSh Konstitutsiyasidan farqli o‘laroq dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi.