O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi ma’muriy sud ishlarini yuritishning manbai sifatida

O‘zbekiston erkin bozor iqtisodiyoti va kuchli ijtimoiy himoyalash tizimiga asoslangan demokratik huquqiy davlat, adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidan dadil bormoqda. O‘zbekiston Respublika-sining Konstitutsiyasi ushbu maqsadlar yo‘lida muhim huquqiy zamin, jamiyatimizda barqarorlik, shuningdek inson huquqlari va erkinliklarining kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan inson huquqlari va erkinlik-larini ta’minlashda, jamiyatda qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkam-lashda hamda fuqarolar o‘rtasida tinchlik va milliy totuvlikni ta’minlashga ko‘maklashishda, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishda, qolaversa, qonun hujjatlarini amaliyotda qo‘llash samaradorligini oshirish va takomillashtirishda sud hokimiyati alohida o‘rin tutadi. Shuning uchun ham jamiyatda sud organlarining nufuzini oshirish, sudyalarning chinakam mustaqilligini va faqat qonunlarga asoslanib ish yuritishini ta’minlash mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurishdagi muhim shartlardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasida ma’muriy sudlarni tashkil etishning nazarda tutilishi ham aynan inson huquqlarini himoya qiluvchi sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudda ishlarni ko‘rish va hal etishning sifatini oshirish, pirovardida fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishni nazarda tutadi.

Mamlakatimizda ma’muriy sudlarning tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 110-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanishi bilan bog‘liq konstitutsiyaviy normaning amalga oshirilishini ham ta’minlaydi.

Ma’lumki, ixtisoslashgan sudlar sudga taalluqli ishlarni o‘z vaqtida, sifatli ko‘rish va hal etish, odil sudlovning samaradorligini oshirishdagi muhim omillardan biridir.

O‘z navbatida mamlakatimizda ma’muriy sudlarni tashkil etish zarurati quyidagi omillar bilan ham belgilanadi:

jinoyat qonunchiligi tobora liberallashtirilib, ayrim qonunbuzarlik uchun belgilanadigan jazo choralari bosqichma-bosqich jinoiy yurisdiksiyadan ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazilishi;

sudlarda ko‘rilayotgan fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlariga qaraganda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarning ko‘pchilikni tashkil etishi;

fuqarolarning davlat boshqaruviga oid huquqlari va qonuniy manfaat-larini sud tartibida himoya qilishning samarali tizimini yaratish zarurati;

davlat boshqaruv organlari, ular mansabdor shaxslari faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash, bu sohada sud nazoratini takomillashtirishning talab etilayotgani.

Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 44-moddasiga ko‘ra, har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansab-dor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlangan. O‘z navbatida mamlakati-mizda ma’muriy sudlarning tashkil etilishi asosiy qonunimizda mustah-kamlangan ushbu huquqlarni samarali amalga oshirilishini ta’minlashga ham xizmat qiladi.

Harakatlar strategiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan va joriy yilning 13 aprelida matbuotda e’lon qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublika-sining Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi loyihasini 2017 yil 1 sentyabrgacha bo‘lgan muddatda tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish nazarda tutildi. Bu esa ommaviy-huquqiy munosabatlar-dan kelib chiqadigan hamda ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ma’muriy sudlar tomonidan ko‘rish hamda hal etish tartibini nazarda tutuvchi maxsus protsessual qonunchilikning qabul qilinishiga muhim turtki bo‘ldi. Mazkur Qonun bilan yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksining hamda yangi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarning qabul qilinishi bilan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni sudda ko‘rish tartibiga oid normalar Fuqarolik protsessual kodeksidan chiqarilib, yanada takomillashtirilgan holatda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksdan o‘rin oladi.

Hozirgi kunda mazkur Kodeks loyihasi qizg‘in muhokama qilinmoqda, mutaxassislar tomonidan milliy protsessual qonunchilik va rivojlangan xorijiy davlatlarning bu boradagi qonunchilik tajribasi chuqur tahlil qilinmoqda. Darhaqiqat, tahlillar ma’muriy huquq sohasi rivojlangan ko‘plab xorijiy davlatlarda ma’muriy sud ishlari yuritish to‘g‘risidagi kodeks (ma’muriy protsessual kodeks) amal qilishini ko‘rsatmoqda.

Binobarin, mamlakatimiz Konstitutsiyasida fuqarolik, jinoiy va iqtisodiy sud ishlarini yuritish bilan bir qatorda ma’muriy sud ishlarini yuritish alohida sohaga ajratilganligi, qolaversa, ma’muriy protsess boshqa sud ishlarini yuritishda o‘ziga xos bo‘lgan jihatlari bilan alohida ajralib turishi Ma’muriy sud ishlari yuritish to‘g‘risidagi kodeksni qabul qilinishini taqozo etadi. Sudda ma’muriy ishlarni yuritishning fuqarolik protsessidan ajratib turadigan muhim jihati - unda bir tarafda albatta mansabdor shaxs (davlat boshqaruvi organi) qatnashishidir. Fuqarolik-protsessual munosabatlarda esa har ikkala tomonda ham o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadini ko‘zlovchi fuqarolar-mulkdorlar ishtirok etishi mumkin. Ma’muriy sud ishlarini yuritishda mansabdor shaxslar xususiy shaxs sifatida emas, balki o‘zi faoliyat ko‘rsatayotgan idora, tashkilotning vakili sifatida ishtirok etadi. Shikoyatchi nizolashayotgan xatti-harakat ham ushbu shaxs tomonidan o‘z xizmat vazifasini bajarishga qaratilgan xatti-harakat sifatida talqin etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, ma’muriy sud ishlarini yuritish o‘zida bir tarafda fuqaro, ikkinchi tarafda esa mansabdor shaxs (ijro hokimiyati organi) o‘rtasidagi ma’muriy-huquqiy nizolarni hal etishning maxsus protsessual tartibini belgilaydi.

Sudda ma’muriy protsess davlat boshqaruvi sohasida odil sudlovni amalga oshirishning muhim usuli va vositasi sifatida namoyon bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz Konstitutsiyasi ishlab chiqilayotgan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining asosiy manbai bo‘lib xizmat qiladi. Binobarin, Asosiy qonunimizda mustahkamlab qo‘yilgan sud ishlarii yuritishning muhim konstitutsiyaviy prinsiplari, ya’ni sudya-larning mustaqil ekanligi va faqat qonunga bo‘ysunishi, Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi, hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘rilishi, sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy ekanligi, O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib borilishi, sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanishi, himoyalanish huquqi bilan ta’minlanish va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqining kafolatlanishi kabi prinsiplar Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksida ham o‘z ifodasini topishi lozim.

Yuqoridagi konstitutsiyaviy prinsiplarning mazkur Kodeksda o‘z ifodasini topishi ma’muriy sudlarda fuqaro yoki tadbirkorning davlat organi bilan o‘zaro tortishish imkoniyatiga ega bo‘lishini kafolatlaydi.

Xulosa o‘rnida, shuni ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan inson huquq va erkinliklarini sudlar tomonidan samarali tarzda himoya qilinishini ta’minlashda, ishlarni ixtisoslashgan ma’muriy sudlar tomonidan to‘g‘ri va o‘z vaqtida himoya qilinishini ta’minlashda qabul qilinajak Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeks muhim o‘rin tutadi. Ma’muriy odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati sifatida mazkur Kodeksning qabul qilinishi fuqarolarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud tartibida himoya qilishning samarali tizimini yaratish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilinishi ta’minlashga hamda davlat boshqaruvi organlarining fuqarolar va tashkilotlarga daxldor bo‘lgan xatti-harakatlari (qarorlari)ning qonuniyligi ustidan sud nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.

M.M.MAMASIDDIQOV,

yuridik fanlar doktori, professor

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.